Universitet o‘quv-tajriba maydonlarida innovatsion agrar uslubda hosil yetishtirilmoqda
2026-04-13 17:25:00 / Yangiliklar
Buxoro davlat universitetining Buxoro tumanidagi o‘quv tajriba uchastkasi umumiy yer maydoni 10 gektarni tashkil etib, shundan o‘tgan yillarda bu yerda urug‘lik paxta va g‘alla, yana 2 gektar yerda qushqo‘nmas kabi dorivor o‘simliklar yetishtirib kelinadi. Universitet talabalarining dala o‘quv amaliyotlari bevosita shu uchastkada tashkil etilishi nazariya va amaliyotning uyg‘unlashuvini ta’minlaydi.

Bultur dala maydoni chetlari, 1,5 gektar yerga “Yashil makon” umumilliy loyihasiga muvofiq mevali va manzarali daraxt nihollari o‘tqazilib, hudud ko‘kalamzorligiga hissa qo‘shilayotgan bo‘lsa, kech kuzda 5 gektar yerga ekilgan boshoqli don, serhosil va mahalliy iqlimga mos “Alekseyevich” navli urug‘lik g‘alla maysasi agrotexnik talablarga binoan parvarishlanmoqda. Yozgi o‘rim-yig‘im davrida bu yerdan 80 syentnerga yetkazib, ya’ni 40 tonna sara bug‘doy yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Erta bahordan tajriba yer uchastkasi mehnatkashlari 2 gektar yerda paxta chigitini qadab, dehqonchilikni boshlagan bo‘lsalar, yana 2 gektar yerda ekilgan qushqo‘nmas dorivor o‘simligining o‘sish holati va ilmiy tadqiqotlar uchun ahamiyati o‘rganilmoqda. Universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish hamda bioxilma-xillikni saqlash maqsadida tashkil etilgan dendrologiya bog‘idagi ishlar tartibga solinmoqda.
Turkiyaning “Yilmaz” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan strategik hamkorlik doirasida universitet tajriba yerining 2,5 gektar maydonida ekilgan mevali daraxt tagpayvandlari hamda ularni sug‘orishda qo‘llanilayotgan zamonaviy tomchilab sug‘orish texnologiyalari samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar universitetning nafaqat ilmiy salohiyatini oshirishga, balki qishloq xo‘jaligiga innovasion yechimlarni olib kirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Universitet rektori, professor Obidjon Xamidov boshchiligidagi ilmiy tadqiqotchilar tasarrufidagi yer maydonlarida qishloq xo‘jaligiga doir olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar va agrotexnik tadbirlarni muvofiqlashtirib, agrar tarmoqdagi ilg‘or innovasion ish tajribasini ommalashtirish choralaringi ko‘rmoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







