Peshku: "Deycha"da Kamolovlar xonadoni issiqxonadan 200 million so‘m daromadni ko‘zlagan
2026-04-12 16:40:00 / Yangiliklar

Ayni kunda Yangi hayot, Kodravon, Yangi yo‘l, Chorobod, Bolin, Deycha, Zarafshon kabi 7 ta qishloqdan tashkil topgan “Deycha” mahalla fuqarolar yig‘inida 536 ta xonadon, 698 ta oila va ularda jami 2 ming 700 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. O‘rganishlardan ayon bo‘lishicha, madadga muhtoj o‘ndan ortiq oila, qirqqa yaqin ishsiz, 108 nafar chet elga qatnab yurgan mehnat migranti, shuningdek, 80 nafardan ortiq ishsiz ayol ijtimoiy muhofazaga olingan bo‘lib, ular oilalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Albatta, issiqxonalar tufayli yil davomida uzluksiz mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilmoqda. Ayniqsa, pomidor, bulg‘or qalampiri, qishki mavsumda ko‘katlar yetishtirish mahalla aholisi uchun asosiy daromad manbalaridan sanaladi. Bozor talabiga mos, sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida mahsulotlarning xaridorgirligi ortib bormoqda.
Mahalladagi ilg‘or va namunali xo‘jaliklardan biri aka-uka Farhod va Kenja Kamolovlar hovli joylaridagi, har biri 10-12 sotixdan iborat issiqxonalarida shu kunlarda pomidor, kartoshka, bulg‘or qalampiri kabi ertangi sabzavotlar yetishtirilmoqda. Bugunga kelib bu xonadon mirishkorlari issiqxonalaridagi hosil to‘liq pishib yetilib, terim jarayoni boshlangan.
Astoydil mehnat tufayli Kamolovlar oilasi yil davomida o‘rtacha 12-14 tonnagacha pomidor yetishtirishga erishmoqda. Yetishtirilgan mahsulot esa bozorda bir kilogrammi o‘rtacha 15-20 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu esa oilaga yil yakunida 200 million so‘m atrofida daromad olish imkonini bermoqda. Mazkur natijalar oilaviy tadbirkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, zamonaviy agrotexnik usullardan foydalanish hamda mehnatni oqilona tashkil etish samarasidir.
Darvoqe, issiqxona mehnati ham osonmas, xo‘jalikda ekish, hosilni yig‘ib, saranjomlash kunlarida 10 nafardan ortiq qo‘shimcha ishchi kuchi yollanadi. Albatta, ularni ham mehnatiga yarasha moddiy manfaatdor bo‘lishlari issiqxona xo‘jaliklari egalari zimmasida. Ayni paytda Deycha, Ibn Sino mahallalalaridagi issiqxona tajribasini boshqa mahalla va qishloqlarda ham ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








