Olot: “Usmonshayx” mahallasida 4 gektar yerda uzumzor-tokzor barpo qilinmoqda
2026-04-10 17:50:00 / Yangiliklar
Viloyatimizda bog‘dorchilik, uzumchilik sohalarini rivojlantirish, ulardan keng foydalanish, mahsulot yetishtirish salmog‘ini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, uzumchilik-tokzor yo‘nalishida subsidiyalar ajratilayotgani, serhosil sifatli ko‘chatlar tanlanib, navlarga, agrotexnik tadbirlarga e’tibor qaratilayotgani hosildorlikni oshirish, qayta ishlash hajmini kengaytirish hamda yuqori daromad olish imkonini bermoqda.

Shu kabi imkoniyat va imtiyozlar tufayli ayni kunda Olot tumanida yana bir uzumzor-tokzor barpo etishga jadal kirishildi. Jumladan, “Usmonshayx” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Otabek Po‘lat” fermer xo‘jaligi nisbatan kam samarador yerdan 4 gektarini obod qilib, unda tokzor tashkil etmoqda. Mazkur loyiha tuman hokimligi, “Agrostar” korxonasi hamda “Asaka bank” tuman filiali hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda “Usmonshayx” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Zargarqayroq, Qipchoqqorovul, Sheraklar, Qozirabot qishloqlarida 1100 tadan ortiq xonadon, 1470 ta oila va ularda jami 5 mingga yaqin aholi umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, ularning asosiy tirikchilik manbai dala-dehqonchilik, tomorqa ishlari, shu bilan birga chorvachilikdir. Bunda asosiy e’tibor tomorqadan unumli foydalanish, hududda qoramolchilik, qo‘y-qo‘zi yoki parranda parvarishiga, oilalar daromad manbaiga qaratilmoqda.
Yangidan barpo qilinayotgan uzumzorga qaytsak, unda zamonaviy shpaller tizimi va vodiy uslubi asosida 3 ming 500 tupdan ortiq, mahalliy iqlim sharoitiga mos serhosil “avatar”, “lambargini”, “husayni”, “kelin barmoq”, “toyfi” navli uzum ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu navlar yuqori hosildorligi va bozorbopligi bilan ajralib turadi.
Bu tashabbuslar nafaqat fermer xo‘jaligi daromadini oshirishga xizmat qiladi, balki hududda uzumchilikni rivojlantirish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, keyingi bosqichlarda esa mahsulotni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beradi. Qolaversa, uzumzor-tokzor tufayli Qipchoqqorovul, Usmonshayx, Qozirabot, Sheraklar kabi qishloqlarda ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar moddiy manfaatdorligini mustahkamlash muhim omil bo‘ladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









