Shofirkon: paxtaobodlik Feruz Soliyev uy xo‘jaligida qoramol va tovuq soni ko‘paytirilmoqda
2026-04-08 16:35:00 / Yangiliklar
Polvonobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Feruz Soliyev ko‘p yildirki, mol boqib, tovuq parvarishlab, xonadoni ehtiyojlarini qondirib keladi. Oila a’zolari bilan birgalikda ayniqsa, bo‘rdoqichilikda barakali ish yuritib, og‘ilxonasida qoramol boqib, tovuq sonini ko‘paytirib, moddiy manfaatdorlikka erishmoqda. Hozirda uning xonadonida 1 ming boshga yaqin tovuq go‘sht yetishtirish yo‘nalishida parvarishlanmoqda.

Mazkur uy xo‘jaligi faoliyatini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 5 mingta jo‘ja yetishtirish harakatiga kirishilgan. Bu tashabbus hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasiga binoan 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlangan. Xonadon sohibi bu sarmoyani samarali ishlatib, nafaqat tovuq boqish, balki kelgusida tovuqxonani kengaytirish uchun sharoit yaratmoqda.
Mehnatkash oila boshlig‘ining aytishicha, hozirda parrandalar ozuqasi uchun kuniga 100 kilogram omuxta yem taqozo qilinmoqda. Kunlik ozuqa xarajati 200 ming so‘mni, oyiga esa taxminan 6 million so‘mni tashkil etmoqda. Shu hisob-kitobga ko‘ra, hozirgi faoliyatdan xonadon mehnatkashlari 50 million so‘m daromad olishni maqsad qilishgan.
Qishloq sharoitida tovuq boqishning afzalligi shundaki, barqaror daromad manbai bozor talabiga javob beradigan xaridorgir, sifatli go‘sht yetishtirish imkonini beradi. Albatta, tovuqlarni sanitariya-gigiyena tartib-qoidasiga mos parvarishlash, zarur paytda emlash taqozo qilinadi.
Soliyevlar uy xo‘jaligida bugunga kelib mahalliy bozorlardan xarid qilingan jami 23 bosh “Qizilcho‘l” va boshqa zotli chorva mollari parvarishlanmoqda. Ular har biri o‘rtacha qiymati 12–15 million so‘mni tashkil etayotgan bo‘lsa, umumiy qiymati 330 million so‘mdan kam emas. Oila mirishkorlari yaqin oylarda chorva mollari sonini 50 boshga yetkazish, og‘ilxonani nasldor mollar bilan to‘ldirish harakatidalar.
Xo‘jalikda bo‘rdoqiga boqilayotgan qoramolning har birini 25–30 million so‘mdan sotish maqsad qilingan. Chorvachilikni rivojlantirish uchun avvalo ekin yeri zarurligini yaxshi bilgani holda oila boshlig‘i qo‘shimcha yer maydonini olishni rejalashtirgan. Negaki, mavjud shart-sharoit xo‘jalik talab va ehtiyojini to‘la-to‘kis qoplamayapti.
Xulosa qilib aytganda, Feruz Soliyevning ko‘p yillik tajribasi nafaqat oila farovonligiga, balki mahallaning iqtisodiy rivojlanishiga, xonadon va uy xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligiga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






