Buxoroda navbatdagi jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi
2026-04-08 16:20:00 / Yangiliklar

Buxoro filialida qariyb 10 soat davom etgan mazkur murakkab, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotida poytaxt Toshkent shahridan kelgan respublika Bosh transplantologi Jasur Sobirov va uning shogirdlari, markaz direktori M. Rajabov rahbarligida transplantolog mutaxassislar ishtirok etdilar. Tibbiyot xodimlari o‘zaro hamkorlikda uzoq kutilgan navbatdagi tarixiy amaliyotni yuqori saviyada bajardilar.
Asosiysi, keyingi yillarda jigar sirrozi tashhisi bilan og‘rigan bemor, Peshku tumani, “Varaxsho” MFY da istiqomat qiluvchi 40 yoshli M. O. аytish mumkinki, og‘ir sinovdan keyin sog‘ayish yo‘liga o‘tdi. Bemorga 38 yoshli singlisi jigarining bir qismini donor sifatida taqdim etdi. Amaliyot muvaffaqiyatli yakunlanib, bemorga sog‘lom jigar bo‘lagi ko‘chirib o‘tqazildi.
Ayni paytda bemor va donor, aka-singilning umumiy ahvoli barqaror bo‘lib, belgilangan standartlar asosida zarur tibbiy muolajalarni olishmoqda. Filialning tajribali mutaxassislari tomonidan bemorlarning dinamik holati doimiy nazorat ostida kuzatilmoqda.
Mazkur muvaffaqiyatli operatsiya Buxoro viloyatida transplantologiya sohasini rivojlantirish, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni hududlarda yo‘lga qo‘yish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Albatta, kelgusida bu kabi yuqori texnologik operatsiyalarni bajarish yo‘lida sobitqadam tibbiyot mutaxassislari o‘z bilim va tajribalarini oshirish yo‘lida izlanishdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








