Vobkent: “Hajuvon” issiqxonalarida pomidor yetilib pishdi
2026-04-04 16:30:00 / Yangiliklar

Masalan, Hajuvon mahallasida yashovchi tadbirkor, "Otamurod Berdi Jamshid" MCHJ rahbari Oybek Sultonov oila aʼzolari, mehnat jamoasi bilan birgalikda qishki mavsumda 1 gektardan ortiq maydondagi issiqxonada serhosil pomidor navidan ekib dehqonchilik qilib kelmoqda. Issiqxona mehnati bilan ayni paytda 6 nafar hamqishlogʻini taʼminlagan tadbirkor tijorat bankidan imtiyozli ravishda olgan 150 million soʻm kredit mablagʻini shu issiqxonani jihozlashga, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etishga, ishni talab darajasida yuritishga sarflagan.
Bugunga kelib ana shu izlanish samarasi sifatida sarxil hosilga va daromadga erishilmoqda. Tinimsiz mehnat, oʻz ustida ishlash va dehqonchilikda orttirilgan tajriba bugun oʻz hosilini berdi. Oila xoʻjaligi joriy yil hisobidan dastlabki hosilni el dasturxoniga, bozor rastalariga chiqarishga tayyor. Ayni kunda 1 gektar maydondan bir necha martalik yigʻib-terib olishdan jami 30 tonnaga yaqin sara pomidor hosilini saranjomlash hisob-kitob qilingan. Bu degani, "Otamurod Berdi Jamshid" MCHJda birgina hosildan 350 million soʻmdan oshiq moddiy manfaatdorlikka erishish koʻzlanmoqda.
Muhimi, ertangi kunga boʻlgan umid va ishonch, oilalar farovonligi sari tashlangan dadil qadamlar, yerga berilgan eʼtibor, albatta, qut-baraka boʻlib qaytadi. Shu oʻrinda baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalsak, oʻtgan yilda tumanda mavjud 2 ming 853 gektar aholi tomorqasida 42 ming 345 tonna ertangi sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirilgan.
Chunonchi, 273 gektarda 8 ming tonnadan ortiq kartoshka, shuningdek, 421 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 143 gektarda 3 ming 108 tonna sabzi, 120 gektarda 4 ming tonna atrofida piyoz, qolaversa, 75 gektardan ortiq yerda 2 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirilgan. Zero, tomorqa—bandlik, toʻkinlik va arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻli hamdir. Dasturxon fayzu barakasi, turmush farovonligi shundan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






