Buxoroda qiziloʻngach oʻsmasi disseksiyaga doir murakkab endoskopik amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi
2026-04-04 16:25:00 / Yangiliklar
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida qiziloʻngach oʻsma kasalligi asorati—qon ketishi va obstruksiyasida “endoskopik” usulda qiziloʻngach shilliq va shilliq osti oʻsmasini disseksiya qilish boʻyicha kam invaziv murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Tibbiyot statistikasiga koʻra, soʻnggi yillarda 18–21 foiz hollarda qiziloʻngach va oshqozon-ichak oʻsma kasalliklari aholi oʻrtasida, ayniqsa, 50 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan erkak va ayollarda koʻp uchramoqda. Buning natijasida bemorlarning umumiy ahvoli ogʻirlashib, intoksikatsiya belgilari kuchayishi, oziq-ovqat mahsulotlarining oshqozonga oʻtishi qiyinlashib, meʼda-ichak tizimi faoliyati buzilishiga olib kelmoqda. Hozirda bunday bemorlarga kam invaziv endoskopik amaliyot usullarini qoʻllash qator rivojlangan xorijiy davlatlarda amalga oshirilmoqda.
Tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga malakali, sifatli va samarali tibbiy yordam koʻrsatish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgani, tibbiyot tizimiga qaratilayotgan katta eʼtibor tufayli RSHTYOIM Buxoro filialida ham kam invaziv endoskopik amaliyotlari amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Filialda endoskopik amaliyotlarni rivojlantirish maqsadida Janubiy Koreyaning “Song Shim” klinikasi endoskopiya markazi professori Kim Yon, yaponiyalik professor Ken Oxata, “ELSA” endoskopistlar assotsiatsiyasi professori Filip Cho, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Pavlov nomidagi tibbiyot instituti professori A. Smirnov, Toshkent shahridagi akademik Vohidov nomidagi jarrohlik markazi professori J. Jumaniyazov, respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh endoskopist mutaxassisi M. Hoshimovlar bilan oʻzaro kasbiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Kuni kecha 1956-yilda tugʻilgan bemor ovqat mahsulotlarining oʻtmasligi, suvni qiyin yutishi, koʻngil aynishi, qon qusishi, axlatning qora rangda kelishi, bosh aylanishi va umumiy holsizlik kabi shikoyatlar bilan filial qabul boʻlimiga murojaat qildi.
Anamnezidan maʼlum boʻlishicha, bemor qiziloʻngachning oʻrta uchligi oʻsma kasalligi bilan bir necha marta davolangan. Soʻnggi yillarda turli tibbiyot muassasalarida muntazam davolanganiga qaramay, ijobiy natija kuzatilmagan. Filial mutaxassislari tomonidan bemor toʻliq tekshiruvdan oʻtkazilib, unga “qiziloʻngach oʻrta uchligi oʻsmasi, qiziloʻngach boʻshligʻiga oʻsishi bilan asoratlangan, qon ketishi (FIB)” tashxisi qoʻyildi.
Bemorda respublikada ilk bor mustaqil ravishda “ELSA” endoskopistlar assotsiatsiyasi aʼzosi, filial bosh endoskopisti A. Haydarov, Z. Bafoyev, U. Abidov, U. Roʻziyevlar tomonidan qiziloʻngach oʻsmasini shilliq va shilliq osti disseksiya qilish boʻyicha kam invaziv murakkab endoskopik amaliyot bajarildi.
Operatsiya jarayoni xorijiy hamkor endoskopist mutaxassislar tomonidan telemeditsina orqali kuzatib borildi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi va byemorning hozirgi ahvoli ijobiy boʻlib, meʼyoriy ovqatlanish va meʼda-ichak tizimi faoliyati tiklanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




