“Aloqabank” viloyat filiali yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaydi
2026-04-03 19:30:00 / Yangiliklar

Biznes ishiga ishtiyoqmand yosh tashabbuskor yoshlar bilan Jondor, Romitan, Vobkent va Gʻijduvon tumanlarida boʻlib oʻtgan oʻquv-amaliy seminarlarda “Aloqabank” Buxoro filiali, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi rahbarlari oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishib, joylardagi bilim yurtlari bitiruvchilari bilan ochiq muloqotga kirishdilar. Tadbirlarda “Aloqabank” Buxoro filiali yoshlar banki sifatida belgilanganligi, shuningdek, yosh tadbirkorlar uchun maxsus moliyaviy xizmatlar va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida tushunchalar berildi.
—Mazkur qarorga muvofiq 2025–2027-yillarda “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshirilmoqda,—deydi “Aloqabank” Buxoro filiali boshqaruvchisi Alovuddin Jamolov.—Bu dastur doirasida jumladan, “Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq toʻlagan, oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarga onlayn shaklda imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 100 million soʻmgacha kredit mablagʻi imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi.
Shuningdek, “Yoshlar uchun ish oʻrinlari” loyihasi asosida YATT sifatida faoliyat yurituvchi yosh fuqarolarga, shuningdek, taʼsischilari yosh fuqarolar boʻlgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlarning kamida 20 ta ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 5 milliard soʻmgacha sarmoya ajratiladi. Bu yangilik va imtiyozlar ham biznesini rivojlantirmoqchi boʻlgan yoshlarimiz uchun yaxshi imkoniyatdir. Joylarda tashkillashtirilayotgan seminarlarda shu xususida soʻz borib, yoshlar tadbirkorligini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir manzilli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Xuddi shunday tadbir va uchrashuvlar Buxoro soliq texnikumida, Buxoro ilgʻor kasbiy mahorat texnikumida, tumanlardagi boshqa kasb-hunar bilim yurtlarida boʻlib oʻtmoqda. Muhimi, bu ochiq muloqotlar yoshlarning biznes tashabbuslarini rivojlantirish, startap va innovatsion loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bank tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berilayotgani yoshlarning oʻz biznesini boshlashi, yangi ish oʻrinlari yaratishi va iqtisodiy jihatdan mustaqil boʻlishiga katta imkoniyat yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







