“Yangi Oʻzbekiston” islohotlari Qorovulbozorda ham keng targʻib qilinmoqda
2026-04-03 18:35:00 / Yangiliklar

Mazkur targʻibot-tashviqot tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllangan Murojaatnoma, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2026-yil — “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini yurtdoshlarimizga oddiy va tushunarli uslubda yetkazilishi bilan ahamiyatli.
Xuddi shunday targʻibot tadbirlari bugun, Qorovulbozor tumanida tashkil etildi.Uchrashuvda hokimlik mutasaddilari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, nuroniylar, taʼlim muassasalari vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi rahbari Samoydin Husenov, “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi viloyat boʻlimi rahbari Zubaydullo Sharipov, Buxoro davlat universiteti dotsenti, respublika Maʼrifat targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Jasur Roʻziqulov, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boʻlimi masʼul xodimi Xasan Normurodov,tuman hokimi Oʻtkir Hamroyev va boshqalar soʻzga chiqishib, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy islohotlar qatorida soʻnggi yillarda viloyatning kenja tumani Qorovulbozorda ham aholining turmush darajasi oʻsgani, hududda bunyodkorlik ishlari keng koʻlamda olib borilayotgani, ayniqsa, “Tinchlik”, “Choʻlquvar”, “Jarqoq”, “Boʻston”, “Boʻzachi”, “Navbahor” mahallalari infratuzilmasini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Shuningdek, aholi, jamoatchilik vakillari bilan bevosita muloqotda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar, xususan, iqtisodiyotni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish kabi masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









