"Kelajakka qadam" — bitiruvchilar bandligini taʼminlashda yangi bosqich
2026-04-03 15:45:00 / Yangiliklar

Navbatdagi ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv universitetning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Akmal Nazarov boshchiligida fizika-matematika va axborot texnologiyalari fakulteti bitiruvchi talabalari hamda professor-oʻqituvchilar ishtirokida oʻtkazildi.
Tadbirda “OʻZMILLIYBANK” AJ Buxoro viloyat bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Obid Shodiyev ishtirok etib, bank tomonidan yoshlar uchun hayotga tatbiq etilayotgan “Kelajakka qadam” loyihasining mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirib berdi. Muloqot markazida turgan asosiy masalalar: bitiruvchi yoshlarni mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlash; talabalarning kasbiy mahoratini oshirish va amaliyot jarayonlarini moliyalashtirish; yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari hamda imtiyozli bank xizmatlari xususida soʻz bordi.
Muloqot davomida bitiruvchilarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularning bandlik darajasini oshirishga qaratilgan yangiliklar ham taqdim etildi. Ayniqsa, yoshlarning startap loyihalarini amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish va innovatsion gʻoyalarni bozorga olib chiqish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.
Yoshlarga jumladan, career.edu.uz va vacancy.uz kabi elektron tizimlar orqali ish beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish, mavjud boʻsh ish oʻrinlarini kuzatib borish va oʻz rezyumesini joylashtirish tartiblari haqida tushuntirish berildi. Bunday raqamli xizmatlar yosh mutaxassislarning ish topish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Shuningdek, viloyatdagi bank muassasalari masʼul xodimlari tomonidan davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash choralari haqida ham tushunchalar berildi. Xususan, bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish hamda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yaratilgan imkoniyatlar yoshlar uchun katta ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Bu jarayonda oliy taʼlim dargohi mutasaddilari maqsadi faqat diplom topshirish bilan cheklanib qolish emas. Har bir bitiruvchini mehnat bozorida munosib oʻrnini topishi, raqobatbardosh va oʻz biznesiga ega boʻlgan yetuk mutaxassis sifatida shakllanishi bugungi davr talabidir. Uchrashuvda har bir bitiruvchi bilan muloqot qilinib, ularning ish bilan taʼminlanganlik holati, xorijiy tillarni bilish darajasi hamda kelgusi rejalari oʻrganildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









