Kogon tumani: “Kogon agro saxovat servis” MCHJ 100 tonna bodring yetishtirish harakatida
2026-04-02 22:40:00 / Yangiliklar
“Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Kogon agro saxovat servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan issiqxona xoʻjaligi koʻp yildirki, sabzavot yetishtirishdagi samarali loyihalardan biri.
Umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etuvchi mazkur issiqxonada yuqori hosildor qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon, sarimsoqpiyoz, “toʻqsonbosti” usulida koʻkatlar yetishtirib kelinadi. irilmoqda. Jumladan, pomidorni “Alamino”, bodringni “Milena” navlari zamonaviy agrotexnologiyalar asosida parvarishlanib, agrotexnik tadbirlarning toʻliq va sifatli bajarilishi natijasida yuqori hosildorlikka erishilmoqda.

Xoʻjalik mehnatkashlari mavsum yakuniga qadar 100 tonnadan oshirib pomidor va yana shuncha bodring hosilini yigʻib olish maqsadida ter toʻkmoqdalar. Bu sarxil mahsulotlar avvalo ichki isteʼmol bozorni toʻldirish, eksportga yoʻnaltirilishi ham koʻzda tutilgan.
Issiqxonada joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimi, yuqori sifatli, serhosil urugʻliklarni saralab ekish mahsulot salmogʻi va xaridorgirligini oshirish, yil davomida uzluksiz hosil yetishtirish imkonini bermoqda. Bu esa tumanda oziq-ovqat mahsulotlari barqarorligini taʼminlash, narx-navo muvozanatini saqlash va aholini sifatli mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishda muhim omil boʻlmoqda.
Ahamiyatli jihati, issiqxona xoʻjaligida bugun 30 nafardan oshiq ishchi, asosan yoshlar va xotin-qizlar doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan boʻlib mehnatlariga yarasha moddiy manfaatga ega boʻlmoqdalar. Hududda ishsizlikni kamaytirish, aholining daromad manbalarini kengaytirishda bu juda muhim. Hozirda tuman hokimligi va issiqxona tashabbuskorlari ekin yerini kengaytirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish harakatidalar.
Umuman, har yili erta bahor mavsumidan Kogon tumanida oʻz tomorqasiga ega boʻlgan jami 20 ming 928 ta xonadonning 2 ming 122 gektarga yetgan ekin yerida 239 gektarda kartoshka, umumiy hisobda 1 ming 168 gektarda pomidor, bodring, karam, piyoz, sabzi, bulgʻor qalampiri kabi sabzavot mahsuloti, 53 gektarda qovun, tarvuz, qovoq va boshqa poliz mahsuloti, 84 gektarda loviya, mosh kabi dukkakli oʻsimliklar, 4 gektarda soya, kungaboqar kabi moyli ekinlar yetishtirib kelinadi.
Aytish joizki, hududdagi mahalla va qishloqlarning barchasida, jumladan, hududlar misolida olsak, “Niyozhoji” MFY da 156, "Bahouddin Naqshband" MFY da 152, “Tutkunda” MFY da 155, “Oʻba Choʻli” MFY da 144, “Sorgʻun” MFY da 115, “Xoʻja Yakshaba” MFYda 138, “Tuniroq” MFYda 118, “Hukumatobod” hamda “Siyozpoyon” MFY larida 102 gektardan ekin yerlari sabzavot, poliz va dukkakli, moyli mahsulotlar yetishtirish uchun ajratilgan boʻlib, ulardagi issiqxonalar va ochiq ekin yerlarida dehqonchilik ishlari muntazam borayotganini koʻrish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









