Koʻhna Buxoroda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari tantana qilindi
2026-04-01 20:15:00 / Yangiliklar

Nasriddin Afandi bilan bogʻliq ichakuzar hangomalar mazmunida nafaqat kulgi, hazil-mutoyiba, balki maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya, kuchli zehniyat mujassam boʻlib, yosh avlodni teran fikrlashga, dunyoqarashini oʻstirishga undaydi.
1-aprel—butunjahon kulgi kuni munosabati bilan koʻhna Buxoroda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” anʼanaviy festivallari tantana qilindi. Joriy yilgi festival Nasriddin Afandi boshchiligidagi ishtirokchilarning “Poyi Kalon” majmuasi, “Ark” qoʻrgʻonidan “Nodir Devonbegi” madrasasigacha boʻlgan masofaga milliy karvon yurishi bilan boshlandi. Eski shahar koʻchalari boʻylab yangragan milliy kuy-qoʻshiqlar, folklor etnografik xalq jamoalari, turli ertak qahramonlari, milliy qahramonlarning qiyofasi aks etgan katta-kichik qoʻgʻirchoqlar aholi, festival mehmonlari, ayniqsa, xorijiy sayyohlarning hayratini oshirdi.
Boy tarixga ega qadim yurtning turizm salohiyatini dunyo miqyosda keng namoyish etish, tarixiy qadriyatlarimiz targʻibotini yanada oshirishni oʻzida maqsad qilgan mazkur festivalga nafaqat mahalliy, balki, chet ellik mehmonlarning qiziqishlari ham ortib bormoqda.
“Nodir Devonbegi” madrasasi oldida festivalning ramziy ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Shahriyorov soʻz olib, festivalning ahamiyati, uni tashkil etish tarixi haqida toʻxtaldi. Yigʻilganlarni hazil-mutoyiba, qolaversa, milliy taomlar kuni bilan qutladi.
Eʼtirof etilganidek, Nasriddin Afandi — xalq ogʻzaki ijodining beqiyos timsoli, zakovat va hazil orqali hayot haqiqatlarini yetkazuvchi siymo. Uning hikoyalari asrlar davomida xalqni kuldiribgina qolmay, odamlarni oʻylashga, toʻgʻri xulosa chiqarishga undab kelmoqda.
Shu bilan birga, “Sharq taomlari” festivali milliy oshxonamiz va umuman, Sharq xalqlari pazandalik sanʼatining noyob namunalarini namoyon etadi. Bu yerda har bir taom — tarix, har bir taʼm — madaniyat, har bir hid — anʼanadir. Bunda myehmonlar turli xalqlar oshxonasi bilan yaqindan tanishib, ularning oʻziga xos jihatlarini his qilish imkoniyatiga ega boʻladilar. Mana, 10 yildirki, Buxoroda zoʻr tantana qilinayotgan bu tadbirlar nafaqat madaniy merosimizni targʻib qilish, balki xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festival doirasida “Gavkushon” majmuasida boʻlib oʻtgan “Sharq taomlari” tanlovi ham esda qolarli boʻldi. Unda Buxoroning “sofi oshi” bilan tanilgan zoʻr oshpazlari oʻzaro bahslarga kirishib, mehmonlarni milliy taomlar bilan siyladilar.
Kun boʻyi tadbirlarda xorijiy va mahalliy sayohatchilar, mehmonlar eʼtiboriga havola etilgan milliy hunarmandchilik hamda anʼanaviy taomlar koʻrgazmalari, konsert dasturi, koʻngilochar chiqishlar, jumladan, viloyatdagi folklor etnografik jamoalari, shahar va tumanlar badiiy jamoalari, “Buxoro mavjlari” ansambli, “Afandi shay” qiziqchilar jamoasi chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









