Kogon: temiryoʻlchilar tumani gulga burkanmoqda
2026-04-01 18:40:00 / Yangiliklar

Ayni kunda mahallada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, taʼmirlash-tiklash ishlari havas qilgulik. Ijtimoiy reestrga kiritilgan fuqarolarni oʻrganish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, kredit va subsidiyalar ajratilishida koʻmaklashish, doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, bandligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Ayniqsa, fevral, mart oylarida temiryoʻlchilar tumani yanada koʻrkam qiyofaga kirdi. Toza-orasta mahalla va koʻchalar anvoyi gullarga burkangani koʻzni quvnatadi, dilni yayratadi. Ajib manzara qalblarga xush kayfiyat olib kiradi. Tasvirda koʻrib turganingiz, bu turfa gullar ayni qishning sovuq kunlarida yetishtirilgan. Bunda Kogon shahar obodonlashtirish boshqarmasi mehnatkashlarining ham alohida jonbozligi bor. Joriy mavsumda boshqarma tasarrufidagi 3 gektarli bogʻda tashkil qilingan, har biri 4 sotixdan iborat 4 ta issiqxonada yetishtirilgan 300 ming tup gul koʻchati parvarishlangan.
Issiqxonada kiyikshoxi, gulob, quyosh, petun, bananza, salviya, qoʻqonguli, giron, shafran, taygiz, salviya kabi 12 turdagi mavsumiy gul koʻchatlari yetishtirilmoqda. Erta bahorda shaharning koʻcha va xiyobonlari aynan shu gullar bilan bezatilgan. Issiqxonalarda boʻlib, gul yetishtirish jarayoni bilan tanishgan viloyat mutasaddilari esa gul yetishtiruvchi xoʻjaliklar tajribasini boshqa hudud va mahallalar boʻylab ommalashtirish choralarini koʻrmoqdalar.
Qolaversa, Kogonda ham mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish borasida muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz taʼminoti hamda yoʻl-transport tizimini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida aholi uchun yanada qulay va zamonaviy yashash muhiti yaratilmoqda. Muhimi, “yashil hudud”lar va dam olish maskanlari barpo qilinishi aholi turmush darajasi va hayot sifati oshishiga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









