“Yashil makon”: Xonobodda viloyat hokimligi bogʻi barpo qilinmoqda
2026-04-01 18:15:00 / Yangiliklar

Shu nuqtayi nazardan, viloyatimizda bu xayrli tadbir Buxoro tumanidagi “Xonobod” mahalla fuqarolar yigʻinida, xalqaro ahamiyatga ega “M-37” rusumli avtomobil yoʻli boʻyida tayyorlangan 5 gektardan iborat yer maydonida keng quloch yoydi. Koʻchat oʻtqazish tadbirida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida masʼul mutasaddilar, Respublika Oliy Majlisi Parlamentiga viloyatdan saylangan deputatlar, jamoatchilik vakillari, viloyatdagi davlat tashkilot va idoralari rahbarlari, yoshlar, xotin-qizlar hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.
Viloyat rahbari tadbir avvalida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 25-martdagi “Yashil makon” umummiliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-47-sonli Farmoni ijrosi doirasida Buxoro tumanida 100 gektar yer maydonida Dendrologiya bogʻi hamda 100 gektar yer maydonida Botanika bogʻini barpo etish maqsad qilingan.
Umuman, “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan davr — 2021-yil kuz mavsumidan boshlab, bugunga qadar birgina Buxoro viloyatida 65 million tup atrofida daraxt va buta koʻchatlari oʻtqazilgan. Viloyat shahar va tumanlaridagi 25 ta hududda 28,7 gektar yer maydonida “Yashil bogʻ”lar tashkil qilinib, ularda 10 ming tupdan ortiq manzarali daraxt niholari ekib parvarishlanmoqda.
Aholining dam olishlari uchun qulay shart-sharoit, koʻkalamzor, soʻlim maskan yaratish maqsadida Buxoro shahriga tutash boʻlgan Buxoro tumanining “Bogʻidasht” MFY hududida 43 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi tashkil etilib, unda 20 ming tup daraxt va buta koʻchatlari oʻtqazilib, “yashil” maydon barpo etilayotgani quvonarli, albatta.
Shuningdek, Buxoro, Kogon va Qorovulbozor tumanlaridan oʻtuvchi “A-380” rusumli xalqaro avtomobil yoʻlining adirlikdan iborat 30 kilometr uzunlikda “Yashil belbogʻ”lar tashkil qilinib, 5 qatordan 10 qatorgacha daraxt va buta koʻchatlari oʻtqazilib, Koreya tajribasi asosida sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilgani oʻziga xos mikroiqlim yaratishi tabiiy.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ayni kunda viloyat miqyosida “Mening bogʻim” dasturi amaliyotga joriy qilinayotgan boʻlib, bunda har yili 13 ta shahar va tumanda maydoni 0,5 gektardan kam boʻlmagan “Yashil bogʻ”lar barpo qilish tashabbusi uyushqoqlik va hamjihatlikda olib borilmoqda.
Jamoatchilik hashariga aylangan bugungi tadbirda esa Xonoboddan tanlangan 5 gektar yer maydoniga viloyat mutasaddilari, xotin-qizlar, jamoatchilik vakillari, yoshlar qoʻli bilan mahalliy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxt nihollari, jumladan, 300 tupdan qayragʻoch va sadaqayragʻoch, 200 tupdan katalpa va tut, 100 tupdan shumtol va yapon saforasi kabi koʻchatlar oʻtqazildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









