Olot: "Veltonix" MCHJda 100 nafar tikuvchi ayol bandligi taʼminlanmoqda
2026-04-01 16:45:00 / Yangiliklar

Mahallada birgina tadbirkor Farrux Asqarov tashabbusi bilan tashkil qilingan “Orlot Tex fayz” MCHJ fabrikasi ayni kunda oʻttizdan ortiq chevarni birlashtirgan boʻlib, barqaror ish tufayli shuncha oila moddiy manfaatdorligini taʼminlamoqda.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikda Gʻafur Sherov va Ozod Abdullayevlar uy sharoitida sex ochib, sim toʻr tayyorlab chiqarayotgan boʻlsalar, yana bir yosh tashabbuskor Bobojon Xuddiyev hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida 100 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib, qurilishbop shlakoblok ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.
Qishloq xoʻjaligida esa Muhammad Temirov oilasi aʼzolari bilan birgalikda 1,5 gektarli bogʻini yashnatib, asosan olmaning bir necha xil serhosil navidan yetishtirib keladi. Qator oralarida esa tonnalab kartoshka, pomidor, piyoz, bulgʻor qalampiri kabi sabzavot yetishtirish tajribasi oʻzlashtirilgan.
Ayni kunda "Shayxlar" mahallasida yana bir korxona “Veltonix” MCHJ ham faoliyat boshlaganiga koʻp boʻlmadi. Mazkur korxona tomonidan 100 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlangani bundagi ish hajmi, mehnat jamoasi erishayotgan daromaddan dalolat.
Korxona rahbari Abror Xudoyberdiyevning taʼkidlashicha, hozirda korxona zamonaviy rusumdagi asosan Xitoy texnologiyasi bilan jihozlangan boʻlib, ish hajmini oshirish hisobidan yana qoʻshimcha 30 ta yangi ish oʻrni yaratish choralari koʻrilmoqda.
Ayni kunda “Veltonix” MCHJda asosan erkaklar uchun 4 turdagi futbolkalar tikib tayyorlanmoqda. Korxona mahsuloti nafaqat ichki bozor, balki Rossiya, Italiya va Turkiya davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Hozirda korxona bir oyda 100 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, oʻz bozorini yoʻlga qoʻygan. Eng muhimi, ilgari ishsiz boʻlgan qishloq ayollari bugun doimiy ish oʻrniga ega boʻlib, oʻz oilalariga moddiy-maʼnaviy koʻmak berishmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









