Buxoro tumani: “Xonоbod” mahallasida “Robiya Kids Academy” bolajonlar ixtiyoriga topshirildi
2026-03-31 16:55:00 / Yangiliklar
Soʻnggi haftalarda “Koʻchkoʻmar” mahalla fuqarolar yigʻini, Safkarda qishlogʻida faoliyat yuritib kelayotgan 5-sonli umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan binosi negizida 50-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Endilikda “Turkon” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli, tuman markazidan uzoqda joylashgan Kulushturum qishlogʻidagi ota-onalarning ham koʻp yillik orzu-istaklari roʻyobga chiqib, jajji farzandlari uchun mkoniyatlar eshigi ochildi.

Hududdagi 12-sonli umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan xonalarida 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 60 oʻrinli filiali oʻz faoliyatini boshlagani kulumshurumliklarni juda xursand qildi. Bahor ayyomi, Navroʻz bayrami kunlarida bolajonlar ixtiyoriga topshirilgan bu ikki muassasa hududda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, bolajonlar uchun qulay shart-sharoit yaratish yoʻlida muhim qadamlardir.
Kuni kecha “Xonobod” mahallasida yana bir maktabgacha taʼlim muassasasi “Robiya Kids Academy” oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Ushbu taʼlim maskani 50 nafar jajji oʻgʻil-qizga moʻljallangan boʻlib, ular uchun maskanda barcha zarur shart-sharoit hozirlangan. Jumladan, shinam yotoqxona va oshxona, mashgʻulot xonalari, oʻyin maydonchasi, kerakli oʻquv vositalari va inventarlar, sanitariya va isitish tarmogʻi shay qilingan.
Bolalar uchun zamonaviy taʼlim dasturlari, qiziqarli mashgʻulotlar hamda malakali ustozlar tomonidan sifatli taʼlim yoʻlga qoʻyilgan muassasani foydalanishga topshirish tadbirida tuman masʼullari, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari hozir boʻldilar. Samimiy tabriklarga boy boʻlgan tadbirda soʻzga chiqqanlar bolajonlar va ular ota-onalarini qizgʻin muborakbod qilishib, ertamiz egalari taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor xususida toʻxtaldilar.
Inshoot ramziy alvon lentasi qirqilgach, yigʻilganlar oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotida yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







