Gʻijduvon: tumanlararo perinatal markazining yangi ginekologiya boʻlimi ish boshladi
2026-03-30 16:35:00 / Yangiliklar
Viloyatimizning olis va chekka hududlarida malakali tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyish, aholi uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish, aholi salomatligini muhofaza etish maqsadida Gʻijduvon tumanida ham tibbiyot birlashmasi va uning tarkibidagi poliklinika va tibbiyot punktlari, filiallari faoliyati takomillashtirilmoqda.

Hududda tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida aholiga davlat tomonidan kafolatli bepul tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlaydigan, kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy xizmat koʻrsatishning yaxlit tizimini tashkil etishga eʼtibor kuchaytirilgan.
Jumladan, respublika hukumati va Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagi bilan oʻtgan yili aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada isloh qilishning muhim yoʻnalishlaridan biri, qolaversa, yuqori texnologik va samarali tizimni shakllantirishning amaliy ifodasi sifatida tuman tibbiyot birlashmasining markaziy kasalxonasiga jami 53 turdagi, umumiy qiymati 4,5 milliard soʻmga teng boʻlgan 425 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskuna yetkazib berilgan.
Bugunga kelib esa viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga qarashli Gʻijduvon tumanlararo perinatal markazi tarkibida 28 bemor oʻrniga ega yangi ginekologiya boʻlimi mukammal taʼmirdan chiqarilib foydalanishga topshirilgani xayrli maqsad yoʻlidagi saʼy-harakatning uzviy davomidir.
Yangi boʻlim xotin-qizlarga yuqori malakali xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan boʻlib, unda konservativ va jarrohlik amaliyotlari yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, murakkab tibbiy operatsiyalar, bepushtlik va turli ginekologik kasalliklarni davolash imkoniyati yaratilgan. Boʻlim faoliyatini talab darajasida yuritish uchun 2 nafar shifokor ishga qabul qilinib, umumiy 17 nafar tibbiyot xodimining bandligi taʼminlanmoqda.
Oʻtgan oylarda mazkur boʻlim joylashgan bino zamonaviy talabga mos ravishda mukammal rekonstruksiya qilinib, 41 turdagi zarur tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlangani, muassasaga umumiy hisobda 684 million soʻm mablagʻ evaziga kerakli inventarlar olingani endilikda aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishi maqsadga muvofiq, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






