Vobkent: "Yashil makon" umummilliy harakati doirasida shu yil dastlabki choragida 540 ming tup daraxt niholi oʻtqazildi
2026-03-30 16:30:00 / Yangiliklar

Atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi ekologik madaniyatini va tabiatga nisbatan masʼuliyatini oshirish bugunning muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda Vobkent tumanidagi taʼlim muassasalari, mahallalarda, korxonalarda koʻchat oʻtqazish, koʻkalamzorlashtirish, ekologik targʻibot-tashviqot ishlari kuchaytirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanda ham nihol oʻtqazish, “yashil hudud”larni barpo etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu xayrli loyiha boshlangandan buyon tumanda 500 mingdan ortiq mevali, manzarali daraxt koʻchatlari va qalamchalar oʻtqazilib parvarishlanmoqda.
Tuman ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi maʼlumotlariga binoan, hududda joriy yil qishki mavsumidan boshlab shu kunga qadar jami 540 ming 330 tup mevali, manzarali daraxtlar koʻchati, buta qalamchalari va gullar oʻtqazilgan.
Shundan hududda paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari, agroklasterlarning dalalari chetlarida ihota daraxtzorlarni barpo qilish maqsadida oʻtqazilgan koʻchatlar 181 ming tupdan ziyodni, bogʻ- tokzorlar barpo etish maqasadida oʻtqazilgan koʻchatlar soni 50 ming tupdan oshiqni, mahalla fuqarolar yigʻinlari va aholi tomorqalari atrofida oʻtqazilgan koʻchatlar soni 137 ming atrofida, obodonlashtirish boshqarmasi hududida koʻkalamzorlashtirish uchun oʻtqazilgan koʻchatlar soni esa 27 min tupdan ortiqni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, tumanda avtomobil yoʻllari boʻylariga 40 ming tup, kanallar, ariqlar va zovurlar boʻylariga 15 ming tup, atrof-muhitga taʼsir xavfi “yuqori” va “oʻrta” darajadagi xavfli toifalarga mansub sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbogʻ”lar barpo etish maqsadida 20 ming 700 tup, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari hamda ularga tutash hududlarga 7 ming tup, sogʻliqni saqlash inshootlari va ularga tutash hududlarga 4 ming 900 tup daraxt nihollari oʻtqazilib, talab darajasida parvarishlanmoqda.
Ayni kunlarda ham bu boradagi ishlar qizgʻin davom etmoqda. Koʻchat ekish, koʻkalamzorlashtirish ishlarida tumandagi mehnat jamoalari ishchi-xodimlari, jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









