Kogon: fermer xoʻjaliklari 300 gektardan oshiq yerda kartoshka yetishtirmoqda
2026-03-30 15:10:00 / Yangiliklar

Maʼlumotlardan koʻrinishicha, ayni kunda tumanda aholi tomorqalari, dehqon va fermer xoʻjaliklarida jami 674 gektar maydonda “ikkinchi non”, yaʼni, serhosil navlarga xos kartoshka yetishtirishga allaqachon kirishilgan. Agrotexnik tadbirlar agronomlar tavsiyalariga binoan yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Bilamizki, sabzavot yetishtirishda minerallar sifatida ayniqsa, azot, fosfor va kaliy — asosiy oʻrin tutadi. Ushbu elementlar oʻsimlikning oʻsishi, rivojlanishi va yuqori hosil berishi uchun muhim hisoblanadi.
Jumladan, tumandagi qariyb 160 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 300 gektardan ortiq ochiq maydonda kartoshka yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda. Shu bilan birga, dehqon xoʻjaliklari tomonidan 374 gektar maydonda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu orqali hududda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tayyorlash hajmini yanada oshirish koʻzda tutilgan.
Ekin yeri resurslaridan samarali foydalanish maqsadida ayni paytda tumandagi 400 gektardan ortiq bogʻ va tokzor oraligʻida sabzavot, poliz va dukkakli ekinlarni joylashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat ekin yerlari samaradorligini oshirish, balki xoʻjaliklar uchun qoʻshimcha hosil olish imkonini ham yaratmoqda.
Shu kunlarda “Baraka Safo” fermer xoʻjaligida 2 gektar maydonda, “Kogon Axtam Aslbek” fermer xoʻjaligida 1 gektar yerda, “Bogʻi Sarayon” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 4 gektarli konturda urugʻlik kartoshka qadab, agrotexnik ishlar davom ettirilmoqda. Dehqon mirishkorlar uch oylik mehnat mahsuli, har gektar yerdan 300 sentner, yaʼni 30 tonnaga yetkazib kartoshka hosilini olishni maqsad qilishgan.
Maʼlumot uchun, mavsumda butun respublika hamda viloyatimiz dalalarida kartoshkaning “Rozara”, “Sante”, “Alvara”, “Arinda”, “Beluga”, “Pskom”, “Kondor”, “Draga”, “Karlena”, “Latona”, “Palma”, “Marfona”, “Pikasso”, “Romano” kabi oʻrtapishar va oʻrta kechpishar – “Toʻyimli”, “Diamat”, “Simfoniya” kabi qator serhosil navlari ekib yetishtirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









