Shofirkon: “Tezguzar”da yangi maktabgacha taʼlim maskani qurilmoqda
2026-03-28 13:00:00 / Yangiliklar

Qaror doirasida hududda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ichimlik suvi, yoʻl va boshqa infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mirzoqul, Xorkash, Tezguzar, Doʻrmon va boshqa mahalalarda taʼlim muassasalari yangilanmoqda. Bunda asosiy eʼtibor taʼlim sohasini rivojlantirishga, maktabgacha va umumtaʼlim muassasalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Qaror asosida nafaqat bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish, balki qoʻshimcha oʻquv binolari, sport inshootlarini barpo etish orqali oʻquvchilar uchun qulay shart-sharoitni yaratish nazarda tutilgan.
Aholi soni ortishi barobarida “Tezguzar” mahalla fuqarolar yigʻinida ham bolalar bogʻchasiga ehtiyoj kuchaygan, bu borada hudud faollari, ota-onalar murojaatidan kelib chiqqan holda oʻtgan yili mahallada 90 oʻrinli yangi maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishi loyihalashtirilgan.
Aynan Tezguzarda bugunga kelib 1030 ta xonadon boʻlib, ularda jami 5 mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilmoqda. Hududda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan qariyb 185 nafar jajji oʻgʻil-qiz roʻyxatga olingan. Yangi muassasaning barpo etilishi esa mazkur muammoni hal etish, bolalar qamrovini oshirish hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Loyihaga kelsak, mazkur inshoot 20-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qoʻshimcha bino, filial sifatida barpo qilinayotgan boʻlib, uning moddiy qiymati 3 milliard 400 million soʻmni tashkil etmoqda. Hozirda bu yerda pudratchi korxona binokorlari qurilish ishlarini olib borishmoqda. Tuman hokimligi masʼullari esa qurilish sifati, loyihani oʻz muddatida toʻla-toʻkis, talab darajasida amalga oshirish yuzasidan nazorat ishlariga eʼtibor qaratishmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




