Peshku: Niyoz bobo tabarruk 90 yoshida ham tomorqa bogʻidagi mehnati bilan ko’plarga ibrat
2026-03-27 18:55:00 / Yangiliklar

Hovlisi etagidagi oz emas, naq 70 sotixdan iborat tomorqa yerining har qarichini xazina deb bilgan Niyoz bobo koʻp yildirki, bunda ajib bogʻ yaratib, koʻplarning orzu-havasi va olqishini qozongan.
Niyoz boboning xonadonida barpo etilgan bogʻda bugun 1 ming tupga yaqin mevali daraxt nihollari parvarish qilingan boʻlib, bogʻdorchilikka qiziqqanlar u kishidan payvandi, sarxil mevali daraxt niholini topishlari mumkin. Mavjud bogʻdagi daraxt nihollarining qariyb 600 tupini toʻrt xil navdagi gilos daraxtlari tashkil etadi.
Xuddi shunday, 50 tupga yaqin shaftoli va olxoʻri, 20 tupdan ortiq olcha, koʻksulton, 60 tupga yaqin oʻrikning turli xillariga mansub daraxti, yana kamyob Xitoy va Tibet noki navidan 70 tupga yaqin, qolaversa, 5 tup yongʻoq daraxti ham parvarish qilinmoqdaki, pishiqchilik mavsumida shiraga toʻladigan bu bogʻ hosilini yigʻib-terib, saranjomlash uchun bir oila aʼzolarining mehnati kamlik qiladi.
Bundan tashqari, bogʻning bir qismi 100 tupga yaqin uzumzor-tokzordan tashkil topgan boʻlib, har yili bundan qora kishmishi, husayni, toyfi, behishti kabi serhosil uzum navlaridan barakali hosil olinadi. Tanti dehqon farzandi emasmi, Niyoz boboning bogʻidan chiqqan moʻl hosildan nafaqat bir-ikki oila, balki, butun qishloq, mahalla ahli birday bahramand desak, mubolagʻa emas.
Eʼtiborlisi, tabarruk yosh, bu yil toʻqsoninchi bahorini qarshi olgan otaxon tomorqa va undagi bogʻ ishidan aslo charchamaydi, aksincha, zavq oladi. Farzandlari, nevara, chevaralari oldida oʻzini dadil tutib, madadkor boʻladi. Bogʻdorchilik bilan birga qator orasida ekin-tikin, ogʻilxonada chorva mollari, tovuqlar parvarishi, hatto asalarichilik bilan ham faol shugʻullanayotgan otaxon va uning mehnatkash xonadoni aʼzolari jonbozligini har qadamda koʻrish mumkin.
Ogʻilxonasida 4 bosh qoramoli, 6 bosh qoʻyi, sogʻin sigiri, boʻrdoqiga boqilayotgan hoʻkizlaridan tashqari, ayni paytda tovuqxonasida parvarishlayotgan parrandasi sonini 50 boshga yetkazishibdi. Har kuni sogʻin sigirdan 12 litr atrofida sut sogʻib olinmoqda.
Asalarichilik mehnati ham alohida mavzu. Avvaliga bogʻdagi daraxt, nihollarni changlatish uchun asalarichilikka qoʻl urilgan boʻlsa, endilikda 5 ta asalari uyasidan yiliga ikki marta, 200 kilogram atrofida sara asal yigʻib olinayotgani ham bir oila moddiy manfaatdorligini taʼminlamoqda.
Ha, Niyoz boboning ibratli hayot yoʻli, yerga boʻlgan mehr-muhabbati yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






