Qorovulbozor: “Ark eko klaster tekstil” MCHJ yangi yer va ariqlar ochish, ekish ishlarini boshlash harakatida
2026-03-27 15:50:00 / Yangiliklar

Ayni kunda viloyatning kenja tumanidagi “Navbahor”, “Tinchlik”, “Boʻzachi”, “Boʻston”, “Jarqoq”, “Imom Buxoriy” hamda “Choʻlquvar” mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qilayotgan oila soni 6 mingtaga yaqinlashgan boʻlsa, choʻlquvarlar zaminini yashnatib, obod qilayotgan aholi soni qariyb 25 mingga yetgani hudud gavjumlashayotgani, odamlar turmush darajasi oshayotgani dalolatidir.
Hudud ishlab chiqarish va sanoat bilan birgalikda qishloq xoʻjaligida ham rivojlanishning yangi bosqichga chiqqanligini koʻrishimiz mumkin. Qorovulbozorlik mirishkor dehqonlar oʻz mehnati bilan xalqimiz dasturxonini sifatli va arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan boyitishga xizmat qilmoqalar. Qolaversa, har bir koʻcha va qishloqda ekin yerini ardoqlab, har qarichidan barakali hosil yetishtirayotgan mirishkor oilalar safi kengaymoqda. Bu ham xonadonlar moddiy manfaatdorligini oshirib, roʻzgʻor kundalik ehtiyojlarini qoplashning maqbul yoʻli, albatta.
Oʻziga xos iqlimi, tuproq sharoitiga ega tumanda 150 dan oshiq fermer xoʻjaligi tomonidan har yili 14 ming tonna atrofida sanoat uchun qimmatbaho paxta xom ashyosi, yana 20 ming tonnadan ziyod sara bugʻdoy yetishtirib kelinmoqda. Birgina “Choʻlquvar” hududini olsak, "Umid Polvon", "Faxriddin Fayozbek", "Ziyodullo Mansur", "Jamshid Javohir Iymona" "Fazo BZSH", "Boyjonboy" kabi fermer xoʻjaliklari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda tuman iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.
Hududda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish, dehqonchilik mashaqqatlarini yengillashtirish maqsadida ekin yerlarini kengaytirish bilan birga suv taʼminotini yanada yaxshilash choralari koʻrilmoqda. Bu jarayonda suv tarmoqlari, gidroinshootlar, ariq va kanallar oʻzanini betonlashtirish orqali “obi hayot” sarfini, isrofgarchiligini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu kunlarda “Ark eko klaster tekstil” MCHJ tomonidan “Choʻlquvar” hududidagi ichki ariqlar loyqadan tozalanib, shundan 2 ming metrdan oshiq qismi oʻzani betonlashtirildi. Mazkur agroklaster tomonidan joriy yilda 200 gektarga yaqin ekin yerini oʻzlashtirish, yuqori unumdor ogʻir texnika vositalari, buldozer va boshqa mexanizmlar yordamida lazerli tekislash hamda tajriba-sinov tariqasida chigit ekishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







