Qorakoʻl: Tashabbus mahallasidan oʻtgan ariq oʻzani ham betonlashtirilmoqda
2026-03-26 16:20:00 / Yangiliklar

Tuman miqyosida olsak, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida ish ayni qizigan qishki mavsumda birgina kech kuz va qishki mavsumda hududda umumiy uzunligi 130 kilometrdan ziyod ichki tarmoq ariqlarini betonlashtirish chora-tadbirlari bajarilgan. Saribozor, Ziyorat, Rasulobod, Bogʻikanda, Qorahoji kabi oʻnlab kanal va ariqlar oʻzani betonlashtirilgani hududdagi yuzlab gektar ekin yerini “obi hayot”ga qondirishda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
"Tashabbus" mahalla fuqarolar yigʻinidan oʻtuvchi “Markaziy ariq” suv inshooti ham hududdagi fermer xoʻjaliklari hamda aholi ixtiyoridagi qariyb 1200 gektar ekin yerini sugʻorish uchun muhim gidroinshoot hisoblanadi. Ammo, oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumidan soʻng suv yoʻli oʻzani loyqa va xas-xashakka toʻlib qolgani sababli dehqon va tomorqa yer egalari, fermer xoʻjaliklari tashvishiga tashvish qoʻshilib, yerlarni sugʻorishda qiyinchilik tugʻdirgandi.
Xususan, suvning tuproqqa singib ketishi, shuningdek, ariqni yiliga 2–3 marotaba mexanizmlar va ishchi kuchi yordamida loyqa hamda choʻkindilardan tozalash zarurati aholi va fermerlar uchun ortiqcha mehnat va xarajat talab etgani ham tabiiy. Endilikda ana shu muammo bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.
Shu kunlarda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan ariqning 2,5 kilometr uzunlikdagi oʻzani qismida betonlashtirish ishlari jadal boshlangan. Mexanizatsiyalashgan jamoa tomonidan gidroinshootni qayta qurish, suv oʻtkazish imkoniyatini yaxshilashga doir ishlarini sifatli va belgilangan muddatda yakunlash chora-tadbirlari koʻrilmoqda.
Albatta, ariq oʻzani betonlanishi, avvalo, bebaho tabiiy neʼmat boʻlgan suvning behuda yoʻqolishi oldini olishga xizmat qiladi. "Tashabbus" mahallasi aholisi uchun ham tomorqa yeri, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish asosiy daromad manbai sanaladi. Shu bois, amalga oshirilayotgan bu ishlar nafaqat dehqonlar mehnatini yengillashtiradi, balki hosildorlikni oshiradi, aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlashda muhim vositadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



