Jondor: “Bahodir Bekzod Asadbek” va boshqa fermer xoʻjaliklarida chigit ekish ishlari avjida
2026-03-25 16:40:00 / Yangiliklar

Viloyatimizda yirik ekin maydoni Jondor tumani dehqonlariga tegishli. 2025-yilgi paxtachilik mavsumida tumanda 368 ta fermer xoʻjaligi tomonidan “Buxoro-8”, “Buxoro-10”, “Buxoro-110” hamda Xitoydan keltirilgan “Xin Lu Zao-57” navlariga mansub, umumiy hisobda 10 ming gektardan oshiq maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirilib, pirovardida “oq oltin” xirmoni 44 ming tonnadan oshirilgan. Mirishkorlar joriy yil hosili uchun yer tayyorlab, qator agrotexnik tadbirlardan keyingi chigit ekish ishlarini uyushqoqlik bilan boshlab yuborishgan.
Albatta, bu jarayonda tuproq unumdorligini oshirish maqsadida qishki mavsumda har gektariga 5 tonna mahalliy va 300 kilogram atrofida mineral oʻgʻit kiritilib, ariqlar, suv yoʻllarini tozalab ochish, dalani begona oʻt va xas-xashaklardan tozalash ishlari bajarilgan. Bu yilgi mavsumda barakali hosilga “poydevor” qoʻyishda tumanda paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan jami 400 dan ortiq fermer xoʻjaligida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga jadal kirishilgan.
Tumanning Qaroli mahallasida faoliyat yuritayotgan “Bahodir Bekzod Asadbek” fermer xoʻjaligida ham peshqadamlar qatorida chigit ekish ishlariga kirishilgan. Fermer xoʻjaligida zamonaviy texnika va ilgʻor agrotexnologiyalar asosida ish tashkil etilgan boʻlib, tuproqning namligi, harorati hamda urugʻ sifati alohida nazorat qilingan.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, ekish muddatlariga qatʼiy rioya qilish zarur. Shuningdek, yerning sifatli tayyorlanishi va agrotexnik talablarning bajarilishi hosildorlikni sezilarli darajada oshiradi. Joriy yilda jondorlik paxtakorlar 10500 gektar yerda baraka urugʻini qadab, gʻoʻza parvarishlash harakatidalar. Shundan 3687 gektar yerga chigit plyonka ostiga ekilmoqda. Ayni paytda hududda bahorgi dala ishlari jadallik bilan davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






