Buxoro tumani: "Turkon" mahallasida 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti filiali ish boshladi
2026-03-25 10:30:00 / Yangiliklar

Ayni Navroʻz bayrami arafasida “Koʻchkoʻmar” mahalla fuqarolar yigʻini, Safkarda qishlogʻida faoliyat yuritib kelayotgan 5-sonli umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan binosi negizida 50-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Mazkur taʼlim maskanining ochilishi hududda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, bolajonlar uchun qulay shart-sharoit yaratish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Endilikda “Turkon” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli, tuman markazidan uzoqda joylashgan Kulushturum qishlogʻida yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Aniqrogʻi, 12-sonli umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan xonalarida 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 60 oʻrinli filiali oʻz faoliyatini boshladi.
Mazkur tashkilotning tashkil etilgani mahalla aholisining koʻp yillik orzu-istaklari roʻyobi boʻldi. Muhimi, endilikda bolalar oʻz hududida zamonaviy sharoitlarda tarbiya-taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldilar. Tashkilot barcha zarur jihozlar va qulayliklar bilan taʼminlangan boʻlib, bolajonlarning har tomonlama rivojlanishi va sifatli bilim olishi uchun xizmat qiladi.
Muassasa ochilish marosimi koʻtarinki ruhda oʻtdi. Unda mahalla faollari, nuroniylar, ota-onalar ishtirok etib, bu maskanning ishga tushirilgani hududda maktabgacha taʼlim sifatini oshirish, kelajak avlod uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







