Qorakoʻl: mahallalarda tutzor barpo etib, ham sabzavot yetishtirib, daromad olish imkoniyati yaratilmoqda
2026-03-22 21:45:00 / Yangiliklar

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joylarda ipakchilikni rivojlantirish, buning uchun esa ozuqa bazasi – tutchilikni izchil yoʻlga qoʻyishga eʼtibor kuchaytirilgan. Davlatimiz rahbarining “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Qorakoʻl tumanida ham sohani rivojlantirish, tutzorlarni kengaytirish hamda aholi bandligini taʼminlashda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina tumanda 4 mingdan ortiq kasanachi va oilaviy zveno, shuningdek, hududdagi 300 taga yaqin fermer xoʻjaligi aʼzolarining pilla yetishtirish tarmogʻida bandligini koʻrish mumkin. Qamrov oʻsib borayotgani hisobidan “kumush tola” salmogʻi ham yuksalmoqda. Masalan, 2023 yilda tuman mirishkor pillakorlari tomonidan 256 tonnadan ziyod sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirilgan boʻlsa, oʻtgan yili bahor mavsumida qorakoʻllik pillakorlar 5 322 quti ipak qurti parvarishlab, shundan yakunda 342 tonnadan oshirib “kumush tola” xirmonini barpo etishgan.
Yuqoridagi qarorga asosan endilikda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativlarini tuzish belgilangan. Ushbu kooperativlarga aʼzo boʻlgan kambagʻal oilalarga (har bir oiladan bir nafar aʼzoga bir martalik tartibda) 4 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi koʻzda tutilgan.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qorakoʻl tuman Davlat oʻrmon xoʻjaligi tomonidan ijtimoiy himoya reestrida roʻyxatda turgan bir guruh fuqarolarga 50 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Bu yer maydonlarida tutzor barpo etilib, oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari hamkorligida tut koʻchatlari oʻtqazib parvarishi boshlandi. Doʻrmon va boshqa mahallalarda bu jarayon qizgʻin bormoqda.
Mazkur tashabbus ipakchilik tarmogʻi rivoji bilan birga, aholi uchun daromad manbaidir. Negaki, endilikda yer egalariga tutzor parvarishi bilan bir qatorda, qator orasida turli qishloq xoʻjaligi ekinlari, sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirish imkoniyati ham yaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







