Kogon tumani: “Bahouddin Naqshband” mahallasidagi 25-sonli oilaviy poliklinika zamonaviy qiyofaga kirdi
2026-03-19 17:05:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18 cyentyabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ayni kunda Kogon tumanining bir nechta mahallasida qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari jadal bormoqda.

Qaror doirasida hududda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ichimlik suvi, yoʻl va boshqa infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Asosiy eʼtibor taʼlim sohasini rivojlantirishga, maktabgacha va umumtaʼlim muassasalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Bu jarayonda nafaqat bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish, balki qoʻshimcha oʻquv binolari, sport inshootlarini barpo etish orqali oʻquvchilar uchun qulay shart-sharoitni yaratish nazarda tutilgan.
Jumladan, Kogon tumani Bahouddin Naqshband mahallasida 2004-yilda qurilgan tibbiyot poliklinikasi binosi keyingi paytda taʼmirtalab ahvolga kelgandi. Shu bois, mazkur hududda mukammal rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgani koʻplarni xursand qildi. Tibbiyot va sanitariya meʼyorlariga toʻla javob beradigan, zamonaviy Oilaviy poliklinika binosi taʼmiri OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida moliyalashtirildi. Moddiy qiymati 650 million soʻmni tashkil etuvchi loyiha "Miransoy kapital stroy invest" MCHJ mohir quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.
Qayta qurilgan koʻrkam tibbiyot binosini foydalanishga topshirish tadbirida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Elyor Oltiyev, tuman mutasaddilari, mehnat faxriylari va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar soʻngi yillarda mamlakatimizda aholi sogʻligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun yangi binolar qurish, ularni ilgʻor tibbiy jihozlar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratilayotgani, bu saʼy-harakat aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Bahouddin Naqshband mahallasidagi oilaviy poliklinikaga kelsak, hududdagi 22 ta qishloqning 12 mingdan ortiq aholisiga 44 nafar tibbiyot xodimi tibbiy xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, muassasa toʻliq davlat tibbiy xizmatlari raqamlashtirish tizimiga ulangan boʻlib, bemorlar hech qanday ovoragarchiliksiz, tez va bepul xizmat ega boʻlishmoqda.
Poliklinika binosi ramziy alvon lentasi qirqilgach, tadbirda yigʻilganlar muassasadada yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









