Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga yangi elektromobillar topshirildi
2026-03-18 15:35:00 / Yangiliklar

Viloyat shahar va tumanlari elektr taʼminoti boʻlimlari moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, aholiga koʻrsatilayotgan mobil xizmat sifatini yaxshilash maqsadida aksionerlik jamiyati rahbariyatiga Xitoyda ishlab chiqarilgan, zamonaviy “Changan” rusumdagi 22 dona elektromobil topshirildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan tantanali ravishda topshirilgan avtotransport vositalarini “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tarkibidagi shahar va tumanlar elektr taʼminoti idoralari boshliqlari qabul qilib oldilar.
—Bu tashabbus faoliyatimizda energiya samaradorligi va xizmat koʻrsatish tezligini oshirish, ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan,—deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbari Bahodir Hayotov.— Bu nafaqat transport vositalari yangilanishi, balki sohaning innovatsion rivojlanish sari dadil qadamidir. Masalan, ayni kunda aholi koʻp va nisbatan zich yashaydigan Buxoro shahri va Gʻijduvon tumanida elektr energiyasi taʼminotida roʻy berishi mumkin boʻlgan uzilishlar, avariya holatlarini joyida tezkor bartaraf etish uchun oʻndan ortiq brigada xizmat koʻrsatayotgan boʻlsa, boshqa hududlarda ham xizmatga talab va ehtiyoj kun sayin ortmoqda.
Kuzovi 5 ta oʻrindiqli, yukxonasida 1 tonnadan oshiq yuk koʻtarish quvvatiga ega zamonaviy avtomobil esa avariya brigadasi harakatlanishi, zarur kabel, transformator va boshqa yukni tashishda juda qoʻl keladi. Muhimi, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan avtoulov ishchi-mutaxassislar bilan hududga qisqa fursatda yetib boradi. Bu esa favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish, nosozliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish, aholiga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishda muhim omildir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







