Peshku: “Buxoro Servis Agroklaster” MCHJ 250 gektar maydonda g‘alla yetishtirmoqda
2026-03-18 11:00:00 / Yangiliklar

Ishda ilgʻor innovatsion uslubdan keng foydalanayotgan xoʻjalik mehnatkashlari tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini unumli joriy etib, barakali hosil yetishtirish tajribasini ham puxta oʻzlashtirishgan. Birgina gʻallachilik tarmogʻida kyech kuzda 250 gektar maydonga sara navli bugʻdoy ekkan xoʻjalik jamoasi 10 ta zvenoga boʻlingan holda agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan olib bormoqda.
Oʻtgan yilgi ekish mavsumida har gektar yerga 5 tonnadan mahalliy oʻgʻit kiritilib, 300 kilogram ammofos va 100 kilogramdan kaliy oʻgʻiti bilan toʻyintirilgan boʻlsa, hozirgacha bugʻdoy maysasi ikki marotaba oziqlantirilib sugʻorilmoqda. Birinchi oziqlantirishda har gektar gʻallazorga 150 kilogramdan ammiakli selitra, ikkinchi oziqlantirishda esa 150 kilogram karbamid mineral oʻgʻiti kiritilib, tuproq meliorativ holati yaxshilanayotgani barobarida gʻalla maysalari rivojlantirilmoqda.
Shu kunlarda erta bahorgi ishlov, parvarish, suspenziyalash agrotexnik tadbirlari davom ettirilmoqda. Har gektar gʻallazor 150 kilogramdan ammiakli selitra bilan oziqlantirilib sugʻorilmoqda. Gʻallani sugʻorishda (fekal) sharbat bilan sugʻorishga eʼtibor berilmoqda.
Jamiyat mirishkorlari joriy yilda 250 gektarli gʻallazordan 1 ming 550 tonna sara don yetishtirib, shundan 625 tonna bugʻdoyni shartnoma rejasiga muvofiq davlatga sotish taraddudidalar. Bunda har gektar gʻallazor hosildorligi 62 sentnerdan oshiriladi.
Agronom mutaxassislar fikricha, gʻalla hosili salmogʻini oshirish, boshoq yaxshi shakllanishi uchun 4 ta asosiy omil bor. Bu toʻgʻri oʻgʻitlash, yetarli namlik, yaʼni, sugʻorish, kasallik va zararkunandalardan himoyalash, byegona oʻtlarni yoʻqotishdir. Suspenziyalash, barg orqali beriladigan mikroelementlar boshoq rivojlanishini kuchaytiradi. Shu bois, ayni kunda “Buxoro servis agroklaster” MCHJ da gʻallani suspenziyalash agrotexnik tadbiri dron va mavjud mexanizmlarda olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






