Buxoro tumani: safkardaliklarning uzoq yillik orzusi roʻyobga chiqdi
2026-03-17 21:25:00 / Yangiliklar
2025-yil yakuniga muvofiq, viloyatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi 91,3 foizga yetkazildi va sohaga oid koʻrsatkichlar sezilarli darajada oshdi. Ayni kunda viloyatda 2 212 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat olib borayotgan boʻlib, ularga 148 778 nafar 3-7 yoshli jajji oʻgʻil-qiz qamrab olingan.

Joriy yil yanvar oyida bolalar uchun 9 950 ta qoʻshimcha maktabgacha taʼlim oʻrni yaratildi. Xususan, viloyat boʻyicha 21 ta yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti ishga tushirildi va 3 025 nafar bola qamrab olindi.
Buxoro tumanidagi Safkarda qishlogʻida yana bir muhim ijtimoiy obyekt — 50-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Mazkur taʼlim maskanining ochilishi hududda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, bolajonlar uchun qulay shart-sharoitni yaratish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Taʼkidlash joizki, bu bogʻcha “Koʻchkoʻmar” mahalla fuqarolar yigʻini, Safkarda qishlogʻida faoliyat yuritib kelayotgan 5-sonli umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan binosi negizida tashkil etildi. Loyiha umumiy qiymati 1,5 milliard soʻmni tashkil etuvchi mazkur maskan 90 oʻrinli boʻlib, uning qurilishini pudratchi “Muhammedov Rajab” MCHJ binokorlari oʻz zimmalariga olishdi.
Bugunga kelib muassasa shinam, yorugʻ xonalar, zamonaviy oʻquv jihozlari, bolalar oʻyin maydonchalari, mashgʻulotlar uchun zarur vositalar bilan toʻliq taʼminlangan boʻlib, oshxona va yotoqxona, issiqlik tarmogʻi shay qilingan. Muhimi, bu yerda oʻndan ortiq malakali tarbiyachi faoliyat yuritib, bolajonlarga taʼlim-tarbiya beradi.
Muassasani foydalanishga topshirish tadbirida tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari hozir boʻldilar. Soʻzga chiqqanlar yigʻilganlarni bahorning goʻzal va qadimiy bayrami—Navroʻz ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, yurtimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladilar. Zero, safkardalik aholi vakillari, ota-onalarning koʻp yillik orzulari ushalgani ham “Yangi Oʻzbekiston — maktabgacha taʼlimdan boshlanadi” degan hayotiy tamoyilning amaldagi ifodasidir.
Yangi tashkil topgan 50-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti kelajak egalarining bilimli, sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishida muhim maskanlardan biriga aylanishi shubhasiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









