Jondor: Abror Asadov uy xoʻjaligida ham nasldor qoramollar boqilmoqda
2026-03-17 21:25:00 / Yangiliklar
Qishloq xoʻjaligida chorvachilik tarmogʻi jondorlik mirishkorlar uchun ham azaldan samarali boshqaruv orqali yuqori natijalarga erishishning yaqqol manbai sifatida qaraladi. Negaki, qoramol, sigir-buzoq, qoʻy-qoʻzi parvarishlanayotgan xonadon borki, dasturxoni sariyogʻ, sut, qatiq va goʻshtdan bebahra qolmaydi. Poʻloti mahallasida ana shunday tashabbuskorlardan biri Abror Asadov boʻlib, uy xoʻjaligida parvarishlanayotgan chorva moli sonini 15 boshga yetkazishgan.

Asadov uy xoʻjaligida asosan nasldor “Aberdeen, “Angus”, “Simmental” zotiga mansub buqalar boʻrdoqiga boqilmoqda. Goʻshti sifatli, yuqori kaloriyali, toʻyimliligi bilan ajralib turadi. Hoʻkizlarning har biridan yetilganidan soʻng oʻrtacha 350-400 kilogramga yetkazib goʻsht olinayotgani oila moddiy manfaatdorligidan dalolat. Bir yilda bu xonadon molboqarlari 2 tonna atrofida goʻsht yetishtirib, ham oʻzi, ham mahalladoshlari dasturxoni toʻkinligiga hissa qoʻshmoqda.
Abror Asadov ogʻilxonasida 3 bosh sogʻin sigir ham parvarishlanayotgan boʻlib, ulardan har kunlik 12-15 litr sut sogʻib olinmoqda. Asosiysi, zot tanlashda, mol ajratishdagi toʻgʻri uslub uy xoʻjaligi daromadi barqarorligiga zamin hozirlagan. Tadbirkor xonadon sohibining taʼkidlashicha, har bir qoramoldan yiliga oʻrtacha 20 million soʻmdan 40 million soʻmgacha daromad olish mumkin. Bu faoliyat chorvachilik nafaqat anʼanaviy ish, balki istiqbolli biznes ekanidan darak, albatta.
Tahlillardan koʻrinishicha, bugunga kelib viloyatdagi mavjud 416 ta qoramolchilik fermasi, 162 ta mayda shoxli mollar qoʻra-qasharlari, 14 ta parrandachilik fabrikasi va 84 ta parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligidagi tovuqxona faoliyat olib borayotgani barobarida mahalla va qishloqlarda, yuqoridagi kabi aholi xoʻjaliklarida boʻrdoqichilik, goʻsht va sut yetishtirish, shuningdek, parhezbop goʻsht va tuxum yetishtirish tajribasi yanada rivojlanmoqda. Chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash boʻyicha viloyatdagi chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklariga ozuqabop ekinlar ekish uchun 49 ming 441 gektar ekin yer maydoni ajratilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







