Qoraqalpogʻistondan kelgan hokim yordamchilari Jondor tumanida tajriba almashdilar
2026-03-16 09:05:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida mehmonlar birinchi navbatda Zarafshon mahallasidagi “Sohilboʻyi” loyihasi bilan tanishtirildi. Ushbu loyiha doirasida yuzdan oshiq tadbirkorlik subyekti ishga tushirilgan boʻlib, oʻnlab xonadon moddiy manfaatdorligi taʼminlanmoqda. Mazkur dam olish majmui umumiy qiymati 20 milliard soʻmga teng boʻlib, bir kunda 500 mijozga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Hademay, qurib bitkazilib, toʻliq ishga tushirilishi moʻljallangan loyihaning ahamiyati, mahalliy byudjetga 720 million soʻm daromad kirim qilinishi, muhimi, bunda 200 ga yaqin fuqaroning ish bilan taʼminlanishi koʻzlangan.
“Buxoro zovuri” boʻyida 1,5 ming metr masofada barpo qilingan “Sohil boʻyi koʻngilochar maskani” loyihasi mehmonlar va hatto, xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat koʻrsatilishi barobarida, hudud miqroiqlimini shakllantirishda ham oʻz oʻrniga ega boʻladi. Albatta, sohilboʻyi tungi yoritish chiroqlari, toʻligʻicha himoya toʻsigʻi, temir panjaralar bilan oʻrab olinib, bunda piyodalar yoʻlaklari ham barpo qilingan. Kanalning obod qilingan ikki qirgʻogʻida jami 500 tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchati oʻtqazib, parvarishlanmoqda.
Mehmonlar Ushot hunarmandlar mahallasida boʻldilar. Bu qishloq koʻp yildirki, tandirsozlikda dovrugʻ yoygan hududlardan. Bunda tandir yasashda oilaviy anʼanalarini davom ettirib kelayotgan shajara va sulolalar bor. Hozirda Ushotda 150 dan ortiq oila ushbu qadim kasb-kor bilan shugʻullanib, shu halol mehnat orqasidan daromad topib, orzu-havaslarini koʻrib kelmoqda. Ular tomonidan har yili 20 mingdan ortiq tandir tayyorlanib, nafaqat viloyat tumanlari, mahalla va qishloqlariga, boshqa viloyatlarga ham buyurtma asosida tayyorlab, yetkazib berilmoqda.
Ushotda nafaqat tandirsozlik, nafis kashtachilik, soʻzanachilik, zardoʻzlik sanʼati ham davom ettirilib,ushotlik qandolatpazlar tomonidan tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari, milliy shirinlik va holvalarning ham xaridorgirligi ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, ayni kunda 4 mingga yaqin aholisiga ega qishloqning “drayveri”dan kelib chiqib, bunda “Ushot— hunarmandlar mahallasi” tashkil etilayotgani ayni muddao.
Shuningdek, mehmonlar tuman markazidagi “24/7” koʻcha loyihasi bilan tanishtirildi. Ushbu loyiha doirasida 65 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan va 200 nafar ishchi-xodim ish bilan taʼminlangan. Loyihaning maqsadi mahalliy iqtisodiyotga yangicha dinamika olib kirish va yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Bu yerda qoraqalpogʻistonlik hokim yordamchilari tadbirkor, hunarmandlar bilan uchrashib, ular ishlari, biznes loyihalari bilan tanishdilar. Mahalla masʼullari, istiqbolli loyiha va tashabbuslar, ishlab chiqarish, savdo-sotiq tizimi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





