Kogon: Fozilovlar xonadoni uchun ham tomorqa va parrandachilik—farovonlik omili
2026-03-13 20:30:00 / Yangiliklar

Fozilovlar xonadonida esa ayni kunda hovli etagidagi 6 sotixdan iborat tomorqa yerida kartoshka va sarimsoqpiyoz ekilib, parvarishga kirishilgan. Xonadon egalari tomonidan yerga ishlov berish, sugʻorish, begona oʻtlardan tozalash kabi agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilayotgani oʻz navbatida, moʻl va sifatli hosil olish uchun muhim omildir.
Xonadon egasi Chori Fozilovning taʼkidlashicha, uch oylik mehnatu mashaqqatdan soʻng roʻzgʻor uchun 1,5 tonna atrofida kartoshka, 1 tonnaga yetkazib sarimsoqpiyoz yetishtirish maqsad qilingan. Qut-baraka esa yerga boʻlgan munosabat, tomorqada peshona teri toʻkishdan yaraladi. Ekin yerining 1 sotixdan oshiq qismida esa sarxil navga mansub tokzor barpo qilinmoqda. Tok nihollari uchinchi yilida parvarishlanmoqda.
Taʼkidlash oʻrinliki, Chori Fozilov oila aʼzolari bilan birgalikda tomorqachilikda bulgʻor qalampiri, sabzi, lavlagi, pomidor, loviya kabi takror ekinlardan ham moʻmay hosil olishga oʻrgangan. Shu bilan birga, xonadonda qoramol saqlash, sigir-buzoq parvarishi bilan birga, “yetti xazina”ning biri hisoblangan tovuq boqish ham muntazam yoʻlga qoʻyilgan.
Bu nafaqat oila dasturxoni toʻkin boʻlishiga, balki xonadon turmush tarzi farovonligiga ham xizmat qilmoqda. Umuman, hududdagi Jomard, Shexon, Tutkunda, Kaptarxona qishloqlarini oʻzida jamlagan “Tutkunda” mahalla fuqarolar yigʻinida ayni kunda 1 086 ta xonadon, shuningdek, 1 467 ta oila boʻlib, ularda jami 5 mingdan ziyod aholi vakili umrguzaronlik qilayotgan boʻlsa, ular aksariyati tomorqadan samarali foydalanish, uy xoʻjaligini yuritishda yetarli tajribaga ega, albatta.
Mahallada asosiy tirikchilik manbai sifatida tomorqa, issiqxona xoʻjaligi, chorvachilik va parrandachilik tarmoqlari rivojlantirilmoqda. Qolaversa, mahallada savdo va xizmat koʻrsatish tarmogʻi bilan birga qurilish materiallari, pardozbop gʻisht, bruschatka ishlab chiqarish, bugʻdoyni qayta ishlash korxonalari ham faoliyat yuritmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








