Qorovulbozor: bolalar maydonchalari qurilib, elektr transformatorlari taʼmirlanmoqda
2026-03-13 20:25:00 / Yangiliklar

Jumladan, Qorovulbozor tumani markazidan 15 kilometr uzoqlikdagi “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinida ayni kunda 1,5 mingdan oshiq aholi istiqomat qilayotgan boʻlib, ularni tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishda “Open budjet” loyihasi doirasida qator xayrli ishlar amalga oshirilib, zarur infratuzilma inshootlari taʼmiriga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mahalla aholisining hamjihatligi natijasida “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2025-yilgi mavsumida yana bir xayrli tashabbus loyihasi nisbatan koʻp ovoz toʻplab, gʻoliblikni qoʻlga kiritgandi. Bu inshoot, yaʼni hududdagi 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 ta zamonaviy tipdagi, usti yopiq bolalar maydonchasi qurib, foydalanishga topshirildi.
Qurilish ishlari “Kapital sifat qurilish fayz” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Muhimi, endilikda bu muassasada tarbiyalanayotgan 80 nafarga yaqin bolajon yozning jaziramasida yoki yomgʻirli kunlarda ham tabiat qoʻynida bemalol mashgʻulotlarni oʻtashadi. Budan koʻzlangan maqsad yoshlarni sogʻlom va barkamol farzand boʻlib yetishishidir.
Bundan tashqari, tuman aholisi uchun zarur infratuzilmalardan biri—elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida mavjud transformatorlar kapital va joriy taʼmirlanmoqda. Aholining uzluqsiz elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondirish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari tomonidan joriy yil oʻtgan davri mobaynida 5 dona transformator punkti va umumiy uzunligi 10 ming metrdan ziyod kabel liniyasi havo tarmogʻi mukammal taʼmirdan chiqarilgan.
Xuddi shunday, hududda 7 dona transformator punkti va 14 mino metrdan oshiq elektr liniyasi tarmogʻi joriy taʼmirlangan. Bu saʼy-harakat hududda elektr tarmoqlari barqarorligini yanada oshirish, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda isteʼmolchilarga sifatli elektr energiyasini yetkazib berishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







