Buxoro shahri: “Xoʻja Gʻunjoriy” mahallasida xotin-qizlar biznes tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda
2026-03-13 20:10:00 / Yangiliklar

Mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri Jasmina Yusupova boʻlib, u tijorat banki tomonidan ajratilgan 120 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi hisobiga toʻy va marosimlar uchun xizmat koʻrsatuvchi “Jasmin” sarpo doʻkonini tashkil etdi. Mazkur savdo shaxobchasida milliy va zamonaviy sarpolar tikib tayyorlanib, talabgorlarga taklif etilmoqda. Muhimi, bu tadbirkorlik loyihasi doirasida 11 nafar chevar xotin-qizning bandligi taʼminlanib, ishchilarga kunlik mehnat samaradorligi va bajarilgan ish hajmiga qarab ish haqi toʻlanmoqda.
Shuningdek, mahallada yashovchi yana bir tashabbuskor ayol Dilafruz Zokirova tomonidan uy sharoitida tikuvchilik sexi tashkil etilgan. Syexda 8 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanib, buyurtmalar asosida milliy va zamonaviy liboslar bejirim tikib tayyorlanmoqda. Tadbirkorning mehnatsevarligi, mahsulotlar sifati natijasida mijozlar ishonchi mustahkamlanmoqda.
Yana bir ibratli tajriba hududda Azima Halimovaning faoliyati bilan bogʻliq. U novvoychilik yoʻnalishida oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, yashash manzilida novvoyxona tashkil etgan. Hozirda mazkur novvoyxonada 5 nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan boʻlib, har bir ishchiga oyiga 2 million soʻm ish haqi tayinlangan.
Umuman, mahalladagi tashabbuskor ayollar oʻz mehnati va hunari orqali nafaqat aholi ehtiyojlarini qondirib, balki barqaror daromad manbaiga ega boʻlishmoqda. Shubhasiz, “Xoʻja Gʻunjoriy” mahallasida amalga oshirilayotgan bunday tadbirkorlik tashabbuslari xotin-qizlar bandligini oshirish, aholi turmush farovonligini taʼminlash, mahalla ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






