Vobkent: Hajuvon, Soʻfidehqon, Koʻlxatib va boshqa mahallalardagi maktab va bogʻchalarda qurilish-taʼmirlash ishlari avjida
2026-03-10 11:25:00 / Yangiliklar

Vobkent tumanida ham bu borada salmoqli ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, Hajuvon mahallasida taʼmirtalab va moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritayotgani bois 6-sonli umumtaʼlim maktabida qoʻshimcha 150 oʻrinli, 37-sonli umumtaʼlim maktabida 180 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binolari barpo etildi. Mahalladagi 2 ta taʼlim dargohining qurilish va taʼmirlash ishlariga umumiy qiymati 7 milliard 263 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Bugunga kelib mazkur inshootlar tom qismi yopilib, montaj va pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Soʻfidehqon qishlogʻidagi 18-sonli umumtaʼlim maktabi binosi ham toʻliq mukammal taʼmirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirilmoqda. Bugungi kunda 624 oʻrinli mazkur maktab binosi sinf xonalari va zallariga toʻliq yogʻochdan pol qoplamasi yotqizilgan. Inshoot isitish tizimlari yangilanmoqda, bino fasad qismi issiqlikni saqlash maqsadida izolyatsiya qoplamalari bilan oʻralmoqda. Tom qismida yopish ishlari tugallanish arafasida. Bu taʼlim maskani binosi mukammal taʼmiri uchun mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 4 milliard 120 million soʻm ajratilgan.
Kelgusi oylarda aynan Soʻfidehqon mahallasidagi 30-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi ham 90 oʻrinli yangi bino hisobidan qad koʻtaradi. Hudud aholisining farzandlari 4 milliard 10 million soʻm sarmoya evaziga qurilgan zamonaviy davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida taʼlim-tarbiya olish imkoniga ega boʻlishadi.
Xuddi shunday, hududda Koʻlxatib mahallasidagi 39-sonli umumtaʼlim maktabida ham qurilish-taʼmirlash ishlari qizgʻin tus olgan. Sigʻimi 320 oʻquvchi oʻrniga ega maktab binosini mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Maktabni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida quyosh panellarini oʻrnatish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, maktab uchun zamonaviy qiyofada sport zali va oshxona qad rostlagan. Bu kabi qurilish loyihalari uchun ham 4 milliarddan oshiq sarmoya ajratilgani ertamiz egalari taʼlim-tarbiyasini yangi bosqichga koʻtarish, soha moddiy-texnik ahvolini yaxshilash, yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarish uchundir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








