Jondor: “Chiqirobod”da yana 2 gektar yerda tokzor barpo qilinmoqda
2026-03-10 10:20:00 / Yangiliklar

Masalan, Jondor tumanida joriy yil qishki mavsumda 2 ming gektardan oshiq bogʻ va tokzor agrotexnik parvarishlanib, qator orasida “toʻqsonbosti” usulidagi ekinlar ekib yetishtirilgan boʻlsa, 300 gektardan ziyod ekin yerida dugali sim tortib, plyonka ostida sabzavot va dukkakli mahsulotlar ekib yetishtirish tajribasi keng qoʻllanmoqda. Sugʻorishda qiyinchilik tugʻdirayotgan, suv yetib borishi qiyin boʻlgan uchastkalarga davlat subsidiyasi asosida artezian quduqlari oʻrnatilib, ekin yerlari “obi hayot”ga qondirilayotgani oʻz samarasini bermoqda.
Xuddi shunday dala-dehqonchilik ishlari ayni kunda “Oʻqtepa” mahalla fuqarolar yigʻinida ham qizgʻin tus olgan. Hududdagi Chiqirobod qishlogʻida yashovchi N. Murodova, Z. Zaripova, X. Boʻriyev singari tomorqa yer egalari dehqon xoʻjaliklarini tashkil etishib, 2 gektardan iborat yerni chuqur haydab, tayyorlab, tokzor barpo qilishga kirishdilar.
Yer egalarining tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, oilaviy tadbirkorlik asosida ularning har biriga “Xalq banki” tuman filialidan 10 million soʻmdan imtiyozli kredit mablagʻi ajratilib, oʻz nomlariga ochilgan plastik kartochkalariga tashlab berildi.
Bu sarmoya dehqon xoʻjaliklariga Samarqand viloyatidan uzumning “Soʻgʻdiyona” deb ataluvchi, jaydari aytganda, “qora uzum” nomi bilan tanilgan navdan 2 ming tup uzum koʻchatini olib kelishda qoʻl kelgan. Shu tariqa ayni kunda Chiqiroboddagi bu yerda qizgʻin ish, tokzor yaratishga jiddiy kirishildi. Ertangi kunga boʻlgan umid va ishonch, oilalar farovonligi sari tashlangan dadil qadamlar, yerga berilgan eʼtibor, albatta, qut-baraka boʻlib qaytadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





