Kogon: Bozorova uy xoʻjaligida bedana soni ming boshga yetkazildi
2026-03-09 14:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunda hududda bedanachilik ham rivojlanmoqda. Mazkur soha daromadliligi, avvalo, bedana parvarishi mahsuldorligi bilan ayniqsa, xonadon egalari qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Xususan, bitta urgʻochi bedana bir yil davomida oʻrtacha 250–255 tagacha tuxum berish quvvatiga ega boʻlib, bu koʻrsatkich uning boshqa parranda turlaridan sezilarli darajadagi ustuvorligi sanaladi.
Ayni paytda Oʻba choʻli mahallasida istiqomat qiluvchi Gulnoz Bozorova xonadonida ham bedana parvarishlanib, hozirda ular soni 1 ming boshga yetkazilgan. U parrandachilikni “yetti xazinaning biri” deya taʼriflab, bedanachilik oilasi uchun barqaror daromad manbai ekanligidan mamnun.
—Bedana boqib, koʻpaytirish daromadli tarmoq ekanligini oʻz tajribamizda koʻrmoqdamiz,—deydi xonadon bekasi Gulnoz Bozorova.—Toʻgʻri, bedananing vazni yengil, tuxumi ham maydaroq, ammo bedana goʻshti va tuxumi shifobaxshligi sababli unga doim talab bor. Hozir uy xoʻjaligimizda bedana sonini 1 ming boshga yetkazgan boʻlsak, bundan kuniga oʻrtacha 700 donadan oshirib tuxum olishga erishyapmiz. Bir dona tuxum narxi bozorda oʻrtacha 700 soʻmdan sotilayotganini xomchoʻt qilganda, shundan oyiga 5 million soʻm atrofida foyda olyapmiz. Qolaversa, qishloqdoshlardan talab, buyurtma boʻlayotgani sababli keyingi paytda bedanani koʻpaytirib sotishni ham yoʻlga qoʻydik. Shuning ortidan roʻzgʻorimiz kam-koʻstini bartaraf etib, moddiy ehtiyojimizni qoplayapmiz. Oʻqish va ishdan boʻsh paytida farzandlarimiz ham parranda parvarishida bizga yaqindan koʻmakchi.
Mutaxassislar fikricha, risoladagiday qarovi boʻlsa, bedana bir yilda 250-300 dona tuxum qoʻyarkan. Tuxumi tovuqnikiga nisbatan bir necha barobar foydali xususiyatlarga ega. Xususan, unda kaliy, temir, V1 va V2 vitaminlari ikki-uch barobarga koʻproq. Xuddi shunday, bedana tuxumi tarkibida A vitamini, fosfor, mis, lizosim, kumush va boshqa aminokislotalar ham anchagina. Oqsil moddasi ham boshqa parrandalar tuxumiga nisbatan yuqori. Qolaversa, tansiq taom sifatida byedana goʻshti yoki tuxumi immunitetni mustahkamlashi, organizmni quvvatlantirishi va turli kasalliklarning oldini olishda foydali ekani bilan xaridorgir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




