Vobkent: “Daromad oʻz tomorqangizda, undan samarali foydalaning!”
2026-03-06 22:35:00 / Yangiliklar

“Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida hozirda hududdagi 22 ta mahallada borayotgan tomorqa faoliyatini ixtisoslashtirish, jumladan, sabzavotchilik yoʻnalishida 12 ta, kartoshkachilikda 2 ta, polizchilikda 4 ta, meva-bogʻdorchilik, rezavor hamda sarxil meva yetishtirishda, parranda va chorvachilik tarmogʻida jami yigirmadan ortiq, qolaversa, anor va anjir hosildorligini oshirishda alohida xoʻjaliklar shakllantirilayotgani ham aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligida band boʻlgan issiqxonachi xonadonlar moddiy manfaatdorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Jumladan, “Beshrabot” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Choʻrikalon qishlogʻida tomorqa yeridan unumli foydalanib kelayotgan mirishkor xonadonlar safi ham kengaymoqda. Bu qatorga yoshlarning ham qoʻshilayotganligi, ayniqsa, quvonarli.
Oʻz tomorqasidan unumli foydalanib, “toʻqsonbosdi” ekinlar, sarimsoqpiyoz, ismaloq, shivit, kashnich, rediska, koʻkatlar ekib yetishtirish sabogʻini Neʼmat aka Shodiyev oila aʼzolari ham yaxshi bilishadi. Oilada farzandlar bilan birgalikda ochiq maydonda turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib kelinmoqda. Shu kunlarda plyonka ostiga ekib undirilgan oshqovoq urugʻlari parvarishlanmoqda.
Diyorbek Bobomurodov esa oʻziga ajratilgan tomorqa yerida mevali koʻchatlar ekib yetishtirmoqda. Bugun bir yillik boʻlgan talabgir mevali daraxt koʻchatlari har tupini oʻrtacha 7-8 ming soʻmdan dala boshidan xaridorlar olib ketishayotgani ham xonadon daromadini oshirmoqda. Ekin maydonida hozirda 15 ming tupdan ortiq tayyor koʻchat va payvand nihollari mavjud boʻlib, mahalladoshlar, tomorqa yer egalariga yetkazilmoqda.
Bugungi kunda har bir oila oʻz tomorqasidan unumli foydalansa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan oʻzini-oʻzi toʻla taʼminlaydi. Natijada uni bozordan sotib olishga ketadigan mablagʻ tejalishi, iqtisodiy foydaga erishilishi mumkin. Qolaversa, oʻz ehtiyojidan ortgan mahsulotni bozorga chiqargan oilaning moddiy ahvoli yanada yaxshilanadi.
Ayni erta bahor mavsumida tuman miqyosida aholi ixtiyoridagi 1 ming 415 gektar dehqon xoʻjaligi ekin maydonidan yil davomida kamida uch marta hosil olish uchun tomorqada almashlab ekishni tizimli tashkil etishga doir targʻibot ishlari jonlantirilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








