Buxorolik xotin-qizlarga davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari topshirildi
2026-03-06 14:25:00 / Yangiliklar

Albatta, oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga, turli soha va tarmoqlarda fidokorona xizmat qilayotgan opa-singillarimizning mehnatini munosib qadrlash doimo davlatimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Birgina o‘tgan 2025-yilning o‘zida yurtimizda turli bayram sanalari munosabati bilan buxorolik 16 nafar xotin-qizlar davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishdi.
Mazkur quvonchli an’ana joriy yilda ham davom etib, kuni kecha Prezidentimizning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoniga asosida buxorolik 3 nafar ayollar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Mehriniso Ergashova hamda Vazira Fayzullayeva singari zukko qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga munosib ko‘rildi.
Turli sohalarda mehnat qilib, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan 15 nafar ayollar "Moʻtabar ayol" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimligida mazkur mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni va ular timsolida buxorolik barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng tantanada davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.
Shuningdek, bir qator faol xotin-qizlarga viloyat hokimligi tomonidan tashakkurnoma bildirilib, ularga munosib ehtirom ko‘rsatildi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida Xalqaro xotin-qizlar kuni tantanalari davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









