Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Buxoro yahudiylari tarixi va madaniyatiga bag‘ishlandi
2026-02-24 15:40:00 / Yangiliklar

Nufuzli tadbirda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik, Isroilning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Gideon Lustig, AQSH va Kanadaning Buxoro yahudiylari Kongressi koordinatori hamda “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafayel Nektalov, amerikalik taniqli olimlar, yirik investorlar va hamkorlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur konferensiya nafaqat tarixiy merosimizni chuqur tahlil qilish, balki uni zamonaviy taraqqiyot jarayonlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy maydondir.
Bugun YUNESKO e’tirofiga sazovor bo‘lgan Buxoro tarixiy markazi ana shu ko‘p asrlik hamjihatlik va sivilizasion uyg‘unlik mahsulidir. Bu hududda Buxoro yahudiylari qoldirgan tarixiy sinagogalar, mahallalar va madaniy izlar umumiy merosimizning muhim qismi sifatida e’tirof etiladi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ochiq va odilona siyosat tufayli tarixiy merosni asrash, millatlararo do‘stlik, totuvlik va diasporalar bilan munosabatlarni mustahkamlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish yangi bosqichga olib chiqildi. Bu esa Buxoro yahudiylari merosini chuqur o‘rganish va uni jahon miqyosida keng targ‘ib etish uchun qulay sharoit shakllantirmoqda.
O‘z o‘rnida Buxoro viloyati ham Amerika mintaqalari bilan xalqaro hamkorlikni faol ravishda rivojlantirib bormoqda. Xususan, Amerika Qo‘shma Shatalari va Kanada bo‘yicha Buxoro Yaxudiylari Kongresi bilan ilmiy-amaliy, turizm va investisiyaviy jarayonlar bo‘yicha, Santa Fe shahri bilan birodarlik, madaniyat, madaniy meros va hunarmandchilik yo‘lida o‘zaro iliq munosabatlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. Joriy yildan boshlab Amerikadan minglab sayyoh va investorlarning Buxoroga tashrifi kutilayotgani davlatimiz rahbarining yuksak siyosiy irodasi va xalqaro darajadagi do‘stona munosabatlarning amaliy ifodasidir.
Konferensiya davomida Buxoro yahudiylarining mintaqa taraqqiyotidagi o‘rni, madaniy merosi hamda o‘zaro ijtimoiy-madaniy aloqalarning tarixiy ildizlari borasida ilmiy xulosalar yig‘ilgan e’tiboriga havola etildi.
Ilgari surilgan ilmiy xulosalar va amaliy takliflar nafaqat tarixiy tadqiqotlar uchun, balki zamonaviy madaniy siyosat, xalqaro hamkorlik va investisiyaviy tashabbuslar uchun xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
