“Yaxshi hosil astoydil mehnat va e’tibor talab qiladi”, deydi qorako‘llik tomorqachi Ibrohim aka
2026-02-24 15:05:00 / Yangiliklar

Mehnatsevarligi va tajribasi samarasida yetishtirilgan hosil mo‘l bo‘lib, bu esa oilaning daromadini oshirish, ro‘zg‘or barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Ibrohim aka pomidor yetishtirishning o‘ziga xos agrotexnikasini puxta egallab olgan. Sharoitga ko‘ra, o‘simliklarning rivojlanishi va ularni parvarishlash qat’iy yo‘riqlarini oddiy dehqonlarga qaraganda yaxshiroq biladi.
Shu bois o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, 18 sotix maydonda issiqxona barpo etdi. Ushbu maydonga pomidorning serhosil va bozorbop “Alamina” navini ekib, mo‘l hosil olishni niyat qilgan. Mazkur navning bozorda xaridorgirligi yuqori bo‘lgani bois, yetishtirilayotgan mahsulot nafaqat oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplash, balki barqaror daromad manbaini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ibrohim aka o‘z hamqishloqlaridan bu sohadagi ilmiy asoslangan maslahatlarini sira ham ayamaydi. Ular bilan tez-tez suhbatlashib turadi. Ikki tomonlama bunday foydali muloqotlar qishloqdagi yer uchastkalaridan farovon hosil olish uchun muhim jihatlardan biriga aylandi.
Issiqxonadan olinayotgan daromad evaziga xonadon farovonligi ortib, oila byudjeti mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, bunday tashabbuslar joylarda tomorqadan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
