Botir Zaripov AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi
2026-02-23 22:05:00 / Yangiliklar

Viloyat rahbari ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik koʻp qirrali ekanini taʼkidlab, mamlakatimizda roʻy bergan islohotlar, istiqboldagi rejalar, Buxoro viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, jahon siyosiy maydonida keskin oʻzgarishlar kechayotgan, anʼanaviy diplomatik yondashuvlar oʻrnini yangi formatlar egallayotgan sharoitda Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan “Tinchlik kengashi”ning dastlabki sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga amaliy tashrifi ikki davlat munosabatlarini yangi strategik bosqichga olib chiqdi.
Mazkur tashrif nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, balki Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ham muhimdir.
Ushbu istiqbolli hamkorlik 2017-yildan buyon izchil rivojlanib kelayotgan strategik sheriklik munosabatlarining mantiqiy davomi va amaliy natijasidir.
Shuningdek, 2025-yilning 11-16-noyabr kunlari Buxoro viloyati boshchiligidagi delegatsiyaning Amerika Qoʻshma Shtatlariga xizmat safari amalga oshirilgani, unda AQSHning yirik kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari bilan muzokaralar oʻtkazilib, qator kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Oʻz navbatida, Jonatan Xenik mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Buxoroga Amerika kapitali va texnologiyalarini jalb qilish, taʼlim va turizm sohalarni rivojlantirish, energetika, AKT jabhalarida qoʻshma korxonalar tashkil etish hamda moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligini aytib oʻtdi. Bu borada oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini bayon etdi. AQSH elchisining takliflari qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuv soʻnggida ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
