“Islohotlar shtabi” doirasida Buxoro viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda barqaror oʻsish taʼminlandi
2026-02-20 16:45:00 / Yangiliklar
Bu haqda viloyat hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Mehriddin Abdullayev, viloyat hokimi Botir Zaripov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbarining birinchi o'rinbosari Nusratbek Toychiyev ishtirokida boʻlib muhokama yigʻilishida maʼlum qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan 2025 yilda yalpi hududiy mahsulot 107,2 foizga o‘sib, 86,6 trln so‘mni, aholi jon boshiga esa 41,4 mln so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 53,5 trln so‘mga, xizmatlar sohasida 42,7 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi 48,3 trln so‘mga, qurilish ishlari 19,2 trln so‘mga yetkazildi.
2025 yilda byudjet daromadlariga 4 790,9 mlrd so‘m tushumlar tushishi ta’minlandi. Amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 275 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. Xorijdagi 108 ming nafar migrantlardan 14 ming nafardan ziyodi tartibli mehnat migratsiyasi dasturlari orqali ish o‘rniga ega bo‘ldi. Viloyatda ishsizlik 5,4 foizdan 3,0 foizga, kambag‘allik darajasi esa 8,7 foizdan 3,0 foizgacha qisqartirildi.
Shuningdek, viloyatga 4,0 mlrd AQSH dollari miqdorida xorijiy investisiyalar jalb qilindi. Shundan hududiy korxonalar tomonidan 1,7 mlrd AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investisiyalar o‘zlashtirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 170 foizni tashkil etdi.
Investisiya dasturlari doirasida amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 14 300 ta yangi va barqaror ish o‘rinlari yaratildi. Hududiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlari eksporti 414 mln AQSH dollariga yetib, 1,5 baravar o‘sishga erishildi.
2025 yilda uy-joyga muhtoj aholi uchun 6 500 ta xonadondan iborat 140 ta yangi ko‘p qavatli uy-joy qurildi. Shundan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 524 xonadonli 12 ta, boshqa massivlarda 5 976 xonadonli 128 ta uy-joylar foydalanishga topshirildi. Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 1 000 nafar fuqaroga subsidiya asosida uy-joy sotib olish uchun jami 294,4 mlrd so‘m ajratildi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari boshchiligidagi joriy yil 23 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro viloyatida “Islohotlar shtabi” faoliyatini jadallashtirish, “og‘ir” toifadagi tuman va mahallalarda aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investisiya dasturlari ijrosini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda amaliy yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning tegishli qaror va Farmonlariga asosan hududlarda barqaror va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, loyihaviy yondashuv asosida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va hududlarning solishtirma ustunliklarini aniqlagan holda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, rasmiy bandlikni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy qilish, xalqaro tan olingan malaka sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha 2026 yilda “Islohotlar shtabi” tomonidan amalga oshiriladigan ustivor vazifalar belgilab berildi. Buning uchun “Islohotlar shtabi”ga 37 ta vazirlik va idoralardan mas’ullar jalb qilingan.
“Islohotlar shtabi” tomonidan joriy yilda viloyatdagi 5 ta tuman va 71 ta mahallalarni jadal rivojlantirish, qishloq hududlarida shahar qiyofasini olib kirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va aholini qulay infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida jami 593 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 oktyabrdagi PQ-298-sonli qaroriga asosan Shofirkon va Gʻijduvon tumanlariga “Yangi O‘zbekiston qiyofasida tuman” maqomi berilgan va 130 mlrd so‘m (Shofirkon – 30 mlrd so‘m, Gʻijduvon – 100 mlrd so‘m), shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 35 ta mahallaga 175 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan.
Topshiriqqa ko‘ra, Hisob palatasi tomonidan tegishli tuman hokimliklariga
respublikadan vakillar biriktirilgan holda amalga oshiriladigan loyiha takliflari ishlab chiqilgan.
Yig‘ilishda viloyatda “Islohotlar shtabi” tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillarda aholi kayfiyatiga ta’sir etuvchi, ularning kunlik hayoti, yashash muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada muhim vazifalar belgilandi.
