Kogon tumani: “Beklar” mahallasi zamonaviy qiyofaga kirmoqda
2026-02-18 21:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ichki yoʻllarni taʼmirlash va ravon holatga keltirish, ichimlik suvi hamda elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash boʻyicha aniq reja asosida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi loyihasi doirasida mahallaning 11 kilometrdan ortiq ichki yoʻllarini asfaltlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni paytda yoʻlsozlik korxonalari tomonidan yoʻllarning asos qismi maxsus texnika vositalari yordamida tekislanib, mustahkam poydevor yaratilmoqda hamda asfalt qoplamasi yotqizishga tayyor holatga keltirilmoqda. Mazkur ishlar yakunlangach, mahalla ichki yoʻllarining transport qatnovi uchun qulayligi va xavfsizligi sezilarli darajada oshadi.
Shuningdek, aholini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 6 ta yangi transformator punkti oʻrnatish hamda umumiy uzunligi 40 kilometrdan ortiq boʻlgan elektr uzatish havo liniyalarini tortish ishlari olib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar energiya taʼminotidagi uzilishlarning oldini olish, kuchlanish barqarorligini taʼminlash hamda isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda sugʻorish tizimining samaradorligini oshirish maqsadida mahalladagi mavjud sugʻorish ariqlarining 3,5 kilometr qismi betonlashtirilmoqda. Natijada suv oʻtkazuvchanligi yaxshilanib, “obi hayot”ning behuda isrof boʻlishi kamayadi, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini barqaror suv bilan taʼminlash imkoniyati kengayadi.
Umuman olganda, “Beklar” mahallasida amalga oshirilayotgan mazkur infratuzilmaviy loyihalar hududni kompleks rivojlantirish, aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash hamda zamonaviy va qulay muhit yaratishga qaratilgan boʻlib, belgilangan rejalar asosida izchil davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
