Buxoroda “Oila va nikoh – muqaddas” mavzusida forum oʻtkazildi
2026-02-18 11:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilgan forum aynan jamiyatning asosiy tayanchi boʻlgan oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yoshlar ongida nikoh va oilaga masʼuliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Unda viloyat adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar organlari, migratsiya agentligi, oliy taʼlim muassasalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi, kasaba uyushmalari tashkilotlari mutasaddilari, tijorat banklari , Musulmonlar idorasi vakillari, oila va xotin-qizlar hududiy boʻlimlari rahbarlari va mahalla xotin-qizlar faollari, oqila ayollar ishtirok etdi.
Forumni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari-Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Maxkamova ochib berdi.
— Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar ichida oila institutini mustahkamlash, ibratli oilalar tajribasini ommalashtirish va ularni ragʻbatlantirish – davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida koʻrilmoqda... Yangi Oʻzbekiston Strategiyasida oilaga “insonga insonparvarlik, yaxshi xulq, taʼlim-tarbiya va umuman, ijobiy xislatlarni oʻrgatuvchi maktab” deya ijtimoiy maqom berildi, — deya taʼkidladi Zulayho Maxkamova.
Forum davomida oila va nikohning muqaddasligi, milliy anʼana va qadriyatlarimizda oilaning tutgan oʻrni, ajrimlar, erta nikoh va erta tugʻuruqlarni oldini olish, oilalar mustahkamligi, onalar va bolalar salomatligi, xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi roli, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tugʻilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi va u bilan bogʻliq mojarolar, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch maʼnaviy-ruhiy muhit natijasida sodir boʻlayotgan nikohdan ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masala ekanligi taʼkidlandi.
Mutaxassislar tomonidan zamonaviy tahdidlar sharoitida oilaviy barqarorlikni taʼminlash, ajrimlarning oldini olish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish boʻyicha muhim taklif va tavsiyalar berildi, tashabbuslar ilgari surildi.
Ushbu forum respublikamizning barcha hududlarida oʻtkaziladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
