Olotda ham “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” hamda “ogʻir” toifadagi mahallalarda infratuzilma yanada yaxshilanadi
2026-02-17 21:25:00 / Yangiliklar
Olot tumanida hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Davlatimiz rahbarining hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirishga qaratilgan qarorlari ijrosi doirasida tumandagi qator mahallalarda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “ogʻir” toifaga kiritilgan "Qirtay", "Qumkashon", "Muxtor" va "Boʻribek Chandir" mahallalarida infratuzilmani yaxshilash, ichki yoʻllarni tartibga keltirish, elektr taʼminotini mustahkamlash, koʻcha yoritgichlarini oʻrnatish hamda sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Mazkur hududlarda piyodalar yoʻlaklari qurish, salomatlik yoʻlaklari barpo etish, ijtimoiy soha obektlarini taʼmirlash va yangilash ham koʻzda tutilgan.
Qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hududlarda ariqlar va kanallarni betonlashtirish orqali suv taʼminotini yaxshilash, hosildorlikni oshirish va serdaromad mahsulotlar yetishtirish uchun qulay sharoit yaratish maqsad qilingan. Bu esa aholi bandligini taʼminlash va oilalar daromadini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi mahalla maqomi berilgan "Katta Bayot", "Shayxlar" va "Denov" mahallalarida esa yanada keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, ichki koʻchalarni asfaltlash va shagʻallashtirish, piyodalar hamda veloyoʻlaklar qurish, zamonaviy yoritish tizimlarini oʻrnatish, elektr tarmoqlarini yangilash, transformatorlar oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ushbu mahallalarda maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini taʼmirlash, qoʻshimcha bino va sport zallari qurish, bolalar uchun xavfsiz hamda qulay sharoit yaratish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Yangi maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etish orqali qamrov darajasini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Tumanning boshqa hududlarida ham mahallalararo koʻpriklarni taʼmirlash, koʻngilochar maskanlar tashkil etish, markaziy koʻchalarni 24/7 faoliyat yuritadigan savdo va xizmat koʻrsatish hududiga aylantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy soha obektlarini rekonstruksiya qilish, mavjud binolarni mukammal taʼmirlash orqali aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov mahalla fuqarolar yigʻini “yettillik” aʼzolari bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.
Muloqot davomida tumanda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalo, mahallalarning qiyofasini tubdan yangilash, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda farovonlikni oshirishga qaratilgani alohida taʼkidlandi. Har bir hududning oʻziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan manzilli dasturlar asosida infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy soha obektlarini taʼmirlash, ichki yoʻllar va muhandislik tarmoqlarini tartibga keltirish boʻyicha izchil ishlar olib borilishi qayd etildi.
Shuningdek, mahalla vakillari va tuman mutasaddilari tomonidan tayyorlangan rivojlantirish dasturlari kelgusi yillarda tumanda ulkan oʻzgarishlarga zamin yaratishi, bu jarayonda mahalla “yettillik” aʼzolari ham tashabbuskor boʻlib, hududlarni yanada obod va fayzli maskanga aylantirishga munosib hissa qoʻshishlari zarurligi qayd etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
