Botir Zaripov Olot tumanida “Sohil boʻyi” aholi dam olish maskani loyihasi doirasidagi ishlar bilan tanishdi
2026-02-17 21:20:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov tumanga tashrifi davomida mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur loyiha “Amu–Qorakoʻl” kanalining qariyb 500 metr uzunlikdagi qismi boʻylab amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 3 milliard soʻmni tashkil etgan loyiha doirasida zamonaviy infratuzilma obʼyektlari, savdo majmualari, koʻngilochar va xizmat koʻrsatish maskanlari, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlari uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa nafaqat aholi uchun munosib dam olish maskanini barpo etish, balki tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Mazkur hududda nafaqat olotliklar, balki qoʻshni tumanlardan kelayotgan mehmonlar uchun hordiq chiqarish maskaniga aylanishi koʻzda tutilmoqda. Kelgusida bu yerda yirik bayram tadbirlari, madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar va ommaviy sayillarni oʻtkazish imkoniyati ham yaratilishi qayd etildi.
Loyiha yakuniga yetgach, hudud zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan, ekologik toza, xavfsiz va qulay jamoat maskaniga aylanishi kutilmoqda. Bu esa tuman ijtimoiy hayotiga yangi surʼat va mazmun baxsh etib, ichki turizm salohiyatining oshishiga ham mustahkam zamin yaratadi.
Tashrif davomida masʼullarga loyihani yanada mukammallashtirish, hududning jozibadorligini oshirish hamda zarur boʻlsa, qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
