Botir Zaripov Qorakoʻl tumanidagi “mahalla yettiligi” tizimi aʼzolari bilan onlayn muloqot oʻtkazdi: Kun tartibida – infratuzilmani yaxshilash
2026-02-17 20:30:00 / Yangiliklar

Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.
Mazkur qarorlarga asosan tumandagi “Dargʻali”, “Mirzaqalʼa” va “Chovli” mahallalari “ogʻir” toifa sifatida baholanib, ushbu hududlarda infratuzilmani yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bundan tashqari, tumandagi “Jigʻachi”, “Ketmondoʻgʻdi” va “Sayyot” mahallalarini “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallalar”ga aylantirish ishlari ham izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu mahallalarda yoʻl, elektr energiyasi, ichimlik suvi, ijtimoiy soha obektlarini yaxshilash bilan birga, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali bandlikni taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Dastur doirasida “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi har bir mahallaga 5 milliard soʻmdan, “ogʻir” toifadagi mahallalarga esa 3 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi belgilangan. Ushbu mablagʻlar hisobidan hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy obyektlarni taʼmirlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, tumanda tadbirkorlik va investitsiya loyihalarini kengaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida respublika va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan jami 60 milliard soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tuman hokimligida ushbu mahallalarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi. Yigʻilish davomida qaror ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar atroflicha tahlil qilinib, “mahalla yettiligi” vakillari bilan onlayn muloqot oʻtkazildi.
Muloqot davomida hududlarda mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
