Buxoroda Oʻzbekiston–Suriya biznes muloqoti boʻlib oʻtdi
2026-02-14 10:50:00 / Yangiliklar

Forum ikki davlatdan 200 nafardan ortiq tadbirkor va ishbilarmon doiralar vakillarini bir maydonda jamladi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, savdo-sanoat palatalari hamda tarmoq birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi va nutq soʻzladi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Suriya oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda Suriyada aholi sonining yuqoriligi, infratuzilmani tiklash jarayonlarining faol davom etishi hamda import mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olgan holda, ushbu mamlakat Oʻzbekiston uchun istiqbolli va jadal oʻsib borayotgan bozor sifatida namoyon boʻlmoqda.
Tadbir davomida tomonlar hududlararo hamkorlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Mintaqaviy darajadagi sheriklik biznes tashabbuslarini tezkor qoʻllab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini joylarda samarali amalga oshirishga asos boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, muntazam biznes muloqotini yoʻlga qoʻyish, B2B aloqalarni kengaytirish, biznes-missiyalar almashuvi va kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida oʻtkazilgan B2B uchrashuvlar natijasida kompaniyalar oʻzaro hamkorlikning aniq yoʻnalishlari boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Yakunda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan kelishuv va shartnomalar imzolandi. Xususan, Savdo-sanoat palatasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi hamda Tartus Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
